Bugun rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, O’shda vaziyat nisbatan tinch. Lekin ayrim joylarda otishmalar yuz bergani haqida xabarlar bor. Shaharga tutashib ketgan Qorasuv tumanining Narimon qishlog’iga hujum qilinib, o’t qo’yilgani aytilmoqda. O’nlab uylar kuygan.
O’t o’chiruvchilar olovni jilovlash imkoni yo’qligini bildirmoqda, chunki hujum qilgan olomon bunga to’sqinlik qilgan. O’shning o’zida ham oziq-ovqat yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Ko’p bozorlar vayron bo’lgan, ishlayotgan do’konlarda esa zaxiralar tugab bormoqda. Atrofdagi qishloq aholisi shaharliklar uchun yordam, yegulik yetkazishga harakat qilmoqda.
Rasmiy xabarlarga ko’ra, O’sh, Jalolobod va Qorasuvdagi to’qnashuvlarda 200 ga yaqin odam o’lgan, taxminan 2 ming fuqaro tan jarohati olgan. Ammo aholi talofatlar bir necha baravar ko’p deydi.
Hukumat qurol bilan tartib-intizom o’rnatishga urinmoqda, ammo bu chora sezilarli natija bermayapti. Komendant soati joriy etilgan, ammo hamma ham unga amal qilmayapti. Rasmiylar zaxiradagi kuchlarni safarbar etmoqda.
Sog’liqni saqlash vazirligi janubga shifokorlarni jo’natmoqda. Ayrim mutaxassislar qon to’kilgan joylarda yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish haqida ogohlantirmoqda.
Respublika o’zbek milliy madaniy markazi qon to’kilishini to’xtatish uchun Rossiya va O’zbekistondan yordam so’rab murojaat qilgan, ammo hozircha javob yo’q.
Qirg’iz-O’zbek chegarasini ko’plab qochqinlar kesib o’tmoqda. Minglab odamlar aylanma, noqonuniy yo’llar bilan ham chegaradan o’tayotgani ma’lum. Biroq qochqinlar ahvoli haqida aniq ma’lumot olish qiyin, chunki chegarada telefon aloqasi yaxshi emas.