Qirg’iziston janubida Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti tekshiruvlar olib bormoqda. Ekspertlardan iborat maxsus guruhning maqsadi o’zbeklarga qarshi qirg’in ortida kim va nima sabablar turganini aniqlash; to'qnashuvlar va xurujlar avj olar ekan, hukumat ularga nisbatan qachon va qanday ish tutganini ko'rib chiqish.
Shuningdek, talofat ko'lami va qanday jinoyatlar amalga oshirilganini qog'ozga tushirish. Qotillik, qiynoq va jinsiy tajovuz eng ko'p tilga olinayotgan hollar.
Tashkilotning hududdagi mutaxassislaridan biri Ole Solvangning aytishicha, hozirgacha bir narsa ravshan: zo’ravonliklar va xunrezliklarda harbiy kiyimini kiygan insonlarning roli katta bo’lgan.
Ular haqiqatdan ham xavfsizlik kuchlari bo’lganmi yoki ularning ust-boshini kiyib qabih jinoyatlar qilinganmi?
“Biz mana shu savolga javob izlayapmiz va ma'lumot yig'ayapmiz”,- deydi Ole Solvang.
Human Rights Watch tashkiloti jinoyatchilar adolat oldida javob berishi kerak deydi.
“Amerika Ovozi” bilan muloqotda bo’lgan o’zbeklar hukumat, xavfsizlik kuchlari va jinoyatchi to’dalarni birdek ayblaydi.
“Minglab insonlar hayoti tahdid ostida ekaniga qaramay hukumat pinagini buzmadi. O’shda shuncha qon to’kilsa ham buni axborot vositalari yoritmadi. Na mahalliy hokimiyat, na Bishkekda o’tirganlar bizning dodimizga quloq soldi. Vaziyat butunlay izdan chiqib, BTR va boshqa narsalar to’dalarning qo’liga o’tib bo’lgach, Bishkek nima qilarini bilmay rus va boshqalarda yordam so’rashga tushdi. Biz biror soniya ham muvaqqat hukumat biz uchun qayg’urayotganini sezmadik”,- deydi qirg’in paytida mahallasini himoya qilgan keksa o’zbeklardan biri.
Uning tasvirlashicha, g’alayonlar keng qamrovli qatliomga aylanishigacha ancha vaqt o’tgan. Do’konlarga o’t qo’yilgan, jamoat markazlariga xurujlar qilingan. Hech kim bunga qarshi chora ko’rmagach, qirg’iz to’dalar haddidan oshib, odamlarni ketma-ket o’ldira boshlagan; mahalla va tumanlar o’t ichida qolgan.
Human Rights Watch tashkiloti vakili O’sh va Jalolobodda aholi hali ham vahimada, ilojsiz bir holda yashamoqda deydi.
“O’zbeklar mahallalariga qirg’izlarni yaqinlashtirayotgani yo’q, hatto ular gumanitar yordam olib kelsa ham. Ular hech kimga ishonmay qo’ygan”,- deydi Ole Solvang.
Uning fikricha xalqaro hamjamiyat nazorat va huquq-tartibotni o’z qo’liga olmasa, jabrdiydalarga zarur ko’mak yetib borishi juda mushkul.
Biror bir muassasa qancha odam o'lgani, qanchasi zo'rlangani yoki bedarak ketgani haqida aniq ma'lumot bera olmaydi. Tekshiruvlar endi boshlanmoqda va vaziyat ularni hali keng miqyosda olib borishga yo'l bermaydi.
Qizil Xoch singari gumanitar tashkilotlar aholiga zarur yordam yetkazishi uchun xavfsizlik nisbatan bo'lsada ta'minlanishi kerak.
O'shning O'n Adir tumani masalan ko'mak deyarli bormayotgan hududlardan. U yerlik talaba yigitning aytishicha, oilalar oziq-ovqat va ichimlik suviga muhtoj.
"Shu paytgacha bizning oilamizga biror yordam kelgani yo'q",- deydi u.
Yuzlab ming insonlar taqdiri mavhum qolmoqda. Qirg'iziston janubini, xususan O'sh va Jalolobodni qariyb 800 ming o'zbek vatan deb biladi. Ularning yarmi bugun boshpanasiz, yordamga muhtoj.