Breaking News

Qirg'iz jurnalisti janubdagi fojeada Roza Otunbayevani ayblaydi


O’shlik qirg’iz jurnalisti Chingiz Ametov biz bilan suhbatda janubdagi voqealarda Roza Otunbayeva ma’muriyatini ayblaydi. “O’sh va Jalolobodda odamlar o’layotgan bir paytda ular hokimiyat talashish bilan ovora edi”, - deydi u.

Chingiz Ametov hozirda ishsiz. Janub xalqi non va suvda o’tiribdi, deydi. Uning aytishicha, Qirg’iziston markaziy matbuoti xunrezliklarni to’laligicha yoritmagan, muvaqqat hukumat bunga ruxsat bermagan.

Matbuot katta bosim ostida bo’lgan. Haqiqatning deyarli yarmini yozgan xolos. Voqeani umumiy ravishda tasvirlagan, tafsilotlarga berilmasdan, tahlil qilmasdan. Hattoki Bishkekdagi jurnalistlarga ma’lumot uzatganimda ham uning chop etilmasligini oldindan bilar edim, deydi Ametov.

Uning aytishicha, shimol aholisi janubdagi voqealardan Rossiya matbuoti orqali xabardor bo’lib turgan. Ammo ular ham yuzaki yoritgan xolos, deydi qirg’iz jurnalisti. Ametov nazarida G’arb matbuoti ingliz tilini bilgan cheklangan miqdordagi odamlar bilan suhbatlashgani uchun, ular ham to’liq manzarani tasvirlab bera olmagan.

Markaziy hukumat saylovlar o’tib, o’z vakolati qonuniylashmaguncha hozir hamma narsadan qo’rqib turibdi, mas’uliyatdan qochyapti. Ularni hozir mansab ko’proq qiziqtirmoqda, deydi jurnalist.

Chingiz Ametov nazarida ikki tomonlama to’qnashuvlarda hukumat ta’kidlaganidek, hech qanday uchinchi kuch bo’lmagan.

Roza Otunbayeva va boshqa rasmiylar vaziyat tinchlanyapti desa-da, jurnalist Ametov hali ham o’q ovozlari eshitilib turishini aytadi.

Uylarning oynalari qoraytirilgan. Bir soat oldin bir necha o’q ovozini eshitdim. Urush bo’lgan hududlarda do’konlar, kafelar yopiq. Choy va pechenyedan boshqa narsa yeganimiz yo’q. Gaz va elektr quvvati yo’q edi, soat 4 dan chiroq yondi, deydi u.

Ametov janubda o’zbeklarga qarshi genotsid bo’lgan degan gaplarga qo’shilmaydi.

Haqiqiy genotsid bo’lganida edi, armiya va xavfsizlik kuchlari bu ishga to’liq kirishganida edi, mamlakatda birorta o’zbek qolmagan bo’lardi. Hozir ba’zilari qaytib kelmoqda, deydi u.

O’shda izlanish ishlarini olib borayotgan Human Rights Watch xalqaro huquq tashkiloti xodimi Anna Neymerning aytishicha, qaytib kelayotganlar ko’p emas, chunki o’zbeklarning uyi ko’kka sovurilgan.

Odamlar asosan nisbatan tinch rayonlarga qaytmoqda. Biroq bular ozchilikni tashkil qiladi. Masalan, Bozorqo’rg’onda hech kim qolmagan. Odamlarning u yerga qaytish niyati ham yo’q. Hukumat ularni qaytarish uchun hattoki bir necha vakil yuborgan. Biroq o’zbeklarda hukumatga ishonch qolmadi, deydi xalqaro mutaxassis.

Anna Neymerning aytishicha, odamlar qaytmoqchi bo’lgan taqdirda ham u yerda hamma narsa kulga aylangan. Hech narsa qolmagan.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG