1990-yillar boshida o’zbek-qirg’iz chegarasida qonli to’qnashuvlar yuz berib, har ikki tomon katta talofat ko’rgan. O'nlab begunoh insonlar halok bo'lgan.
Bu kelishmovchilik ortidagi sabablar nima edi va bu voqealardan qanday saboq olish kerak edi?
Ayni damda Gollandiyada yashayotgan o’zbek ziyolisi Bahodir Uzoqov bu mojaroni hal etish uchun jalb qilingan yosh mutaxassislardan biri bo’lgan.
Bahodir Uzoqov o’zbek-qirg’iz yer talashgan davrlarni yodga oladi.
"Qirg'izlar O'sh shahri va atrofidan (o'zbeklar yashaydigan hududlardan) yer berilishini talab qila boshlashgan. Kolxoz yerlari bo'lib berilishini talab qilishgan. Mahalliy hokimiyat ularga va'da bergan. O'zbeklar chiqib mitinglar boshagan. Shunda O'zbekiston Respublikasi rahbariyati kelib, o'zbek talabi qondirilishini so'ragan va ularga boshqa joydan yer berilishi kerak deb chiqqan".
Lekin mojaro bu bilan tugamaydi. Hududga Sovet qo’shini kiritiladi. O’zbek-qirg’iz orasida janjal chiqmasin deb o’rtada maxsus koridor ta’sis etiladi.
"Kelishuvda keyin o'zbeklar kutmagan narsalar ro'y beradi. O'zbeklarga qarshi o't ochilgan",- deydi Bahodir Uzoqov.
Bahodir Uzoqov etnik nafratga olib keladigan asosiy sabab bu dizinformatsiya, noto’g’ri xabar va ma’lumot, mish-mishlar tarqatib, odamlarni bir-biriga qayrash, psixologik bosim o’tkazish deydi.
"1989 yilda Farg'onadagi mesxeti turklari bilan bo'lgan to'qnashuvlarda ham, 1990 yildagi qirg'iz-o'zbek mojarosida ham juda ko'p mish-mishlar yoyib, odamlarni konfliktga psixologik tayyorlash juda kuchli bo'lgan. Hozir mana 2010 yilda ham, hozirgi notinchliklar boshlanishi uchun ham shunday qilindi, nazarimda".
Odamlar haqiqatni bilishi uchun sharoit yaratilmadi, omma orasida tushuntiruv ishlari olib borilmadi, deydi Bahodir Uzoqov, aksincha tomonlarning bir-biriga shubhasi oshishi uchun harakat qilindi. Masala chuqur yoritilmadi.
"Mana shu janjalni keltirib chiqargan jinoiy guruhlar va shaxslarga nisbatan o'z vaqtida chora ko'rilmadi. Adolat ta'minlanmadi. Xalq orasida tinchlikka undovchi tashviqot ishlari olib borilmagani natijasida mana bugungi qonli voqealarga guvohmiz", - deydi u.
Odamlar ongi, fikri yolg'on va tuhmatlarga asoslangani katta fojia. Ayni damda Qirg'izistonning boshqa hududlarida o'zbeklarga qarshi uydirma gaplar yuribdi.
"O'zbeklar aslida qirg'izlarni qirayapti degan ma'lumotlar tarqatilmoqda", - deya kuzatadi Bahodir Uzoqov.
O’sh va Jaloloboddan minglab aholi O’zbekiston tomonga o’tgan va o'tish umidida. Ularga insonparvarlik yordami ko'rsatila boshlagan.
Suhbatdoshimiz nazarida hozir O’zbekiston har bir qadamini o’ylab bosishi kerak. Bosiqlik bilan yondashgan ma’qul, deydi u.
"Mana shu soatgacha Rossiyaning kuzatib turganini Markaziy Osiyo hududida ikkinchi Kavkaz keltirib chiqarishga harakat deb baholayman. Chunki hozir O'zbekiston qo'shini kirgudek bo'lib, aralashadigan bo'lsa, bu katta regional mojaroga yetaklaydi. Menimcha, Rossiya "kozir" bir karta tayyorlab qo'ygan. Qirg'izlar bilan bu narsa bo'lsa, keyin tojiklar bilan shu kartani o'ynashi mumkin, O'zbekistonning ichida. Bu yerda aql bilan ish qilish kerak. Lekin soat sayin, daqiqa sayin odamlar halok bo'lmoqda, begunoh insonlar o'lib ketayapti".
Vaziyat qaltis ekan, Bahodir Uzoqov kabi chet elda yashayotgan ziyolilar jahon ommasi e'tiborini masalaga qaratishga, xalqaro axborot vositalarini mojaroni izchil yoritishga, ayniqsa siyosatchilar ko'zini ochishga undamoqda.