Breaking News

Yuz minglab odam yordamga muhtoj, millionlab dollar mablag' kerak


BMT qochqinlar agentligi hisobicha Qirg’ziston janubida 400 mingga yaqin aholi uy-joyini tark etib, boshqa yerlarga panoh izlab ketgan. Shulardan 100 mingga yaqini O’zbekistonda, qolgani esa mamlakat ichida. Chegarada qayga borishini bilmay sarson bo’lib o’tirganlar ham minglab sonni tashkil etadi.

Qizil Xoch Xalqaro Qo’mitasi butun diqqatni hozir mana shu insonlarga zarur yordam berishga qaratmoqda. Tashkilot nazarida o'lganlar soni bir necha yuzni tashkil etsa ajabmas.

Bugun O'shga safar qilgan muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva "Rasmiy raqam bugun 191 bo'lsa, haqiqatda 10 barobar ko'p odam o'lgan deb o'ylayman:,- degan. Jasadlarning ko'pi dafn etib bo'lingani ayon.

Otunbayeva vayronalarni ko'zdan kechirar ekan, shaharlar tiklanadi va qochqinlar uyga qaytadi deya umid bildirgan.

BMT qochqinlar agentligi vaziyatni mintaqa uchun mislsiz inqiroz deb ataydi. Tashkilot taxminicha boshpanasiz yurganlar o’nlab ming desak xato bo'lmaydi. Qolganlar esa yo qarindoshi bilan, yo do’st-birodarlarning uyida jon saqlamoqda.

Lekin qachongacha? O’sh va Jalolobodda ahvol tangligicha qolmoqda, deydi qochqinlar agentligi xodimi Andrey Maxechich (Andrej Mahecic).

”BMT xavf darajasi yuqori bo’lgan hududlarda ishlay olmaydi yoki faoliyatini cheklangan tarzda olib boradi. Hozirda maxsus guruh kelib vaziyatni o’rganmoqda. Ularning xulosasiga qarab, ishimizni rejalashtiramiz. Tahdid qanchalik yuqori bo’lsa, odamlarga ham yordam shu qadar sekin boradi”, - deydi u.

”Qochqinlar agentligiga kelasi uch oy uchun Qirg’iziston janubi aholisiga ko’mak ko’rsatish uchun 11 million kerak bo’ladi. O’zbekistonda faoliyat kengayar ekan, xajarat ham oshib bormoqda”, - deydi Maxechich, bir necha dollarni nazarda tutib.

AQSh 32 million dollardan oshiq mablag' ajratmoqda. Boshqa davlatlar va xususiy manbalardan ham yordam kutilmoqda.

Toshkent va Andijonga yuk to’la samolyotlar qo’nib, zarur vosita va mahsulotlar qochqinlarga yeta boshlagan.

Lekin bor-butini ortda qoldirib, bolalari jonini o’ylab, qirg’iz millatchilari nafrati va o’qidan qochgan o’zbeklar tabiiyki uyga qaytishni istaydi.

Dehqonlarni aytmaysizmi, ular faqat farzandlari va kelajak haqida emas, dalada qolgan ekini haqida ham qayg’urib, ko’zi to’la yosh. Biladiki, hovlisi kuyib kul bo’lgan. Yomg’ir yog’sa, bir xursand bo’ladi, bir yig’laydi. Ekin-ku qurib qolmas, lekin pishib yotgan mevalarning holi ne kechayapti?

O’sh va Jalolobod shahri va atrofdagi qishloqlarga yetgan zararni tasvirlashga til ojiz, deydi hududda ishlayotgan gumanitar xodimlar.

Piyer-Emmanuel Dukrue (Pierre-Emmanuel Ducruet), Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi vakili, mojaro o’chog’ini ko’zdan kechirib chiqqan mutaxassislardan biri.

O’shdan turib biz bilan gaplashar ekan, “Hozir eng muhimi jabrdiydalarga zarur yordam berish”,- deydi. “Ularning sog’lig’iga qarash, ichimlik suvi va yegulik bilan ta’minlash”.

Lekin ko’plab o’zbeklar ularga ko’mak berilmayotganini, ularga atalgan moddiy yordam huzurini aslida qirg’izlar ko’rayotganini da’vo qilmoqda.

Qizil Xoch xodimi bunday hollarni rad etmaydi, ammo ularni tekshirish qiyin ekanini aytib, “Biz iloji boricha ko’proq odamga yetishga, zarur ko’mak berishga harakat qilayapmiz”, - deydi.

Tashkilot mojaro o’chog’idan bergan dastlabki ma’lumotlarida zo’rlangan ayollar, qattiq xo’rlangan xotin-qizlar va bolalar borligi haqida ogohlantirgan edi.

”Biz hozircha biror yakuniy hisobot bera olmaymiz”, - deydi Piyer-Emmanuel Dukrue. “Jabrdiydalarga yordam berish birinchi birinchi burchimiz. “Ularning aniq sonini bilmaymiz. Talofat ko’lami haqida ham hozircha biror narsa deyish. Tekshiruv endi boshlanmoqda”, - deydi u.

Qanday jinoyatlar sodir etilgani, fojia paytida nima bo’lgani haqida ma’lumot va da’volar juda ko’p. Turli vahshiyliklarga guvoh bo’lganlar, ularni boshdan kechirganlar son-sanoqsiz. Bu dahshatli kunlar qoldirgan yaraning bitishi juda qiyin bo’ladi.

“O’sh va Jalolobod viloyatlari o’ziga kelgunicha qancha vaqt o’tadi, buni hech kim ayta olmaydi”,- deydi Qizil Xoch xodimi. “Kechadan boshlab ayrim do’konlar ochilgan, lekin ko’chalarda odam kam. Chunki vaziyat qaltis”.

Muvaqqat hukumat janubda ahvol yaxshilanayapti desa, o'zbek aholi harbiylar zulmidan dod deydi.

"Bizga hech kim yordam olib kelgani yo'q. Bolalar bilan uyda, bor narsamizni yeb, qamalib o'tiribmiz. Hozir xavfsizlik kuchlari yosh yigitlarni, o'zbeklarni tutib urishayotgan ekan, hatto o'ldirgan hollar ham bo'libdi", - deya bildiradi O'sh shahridan bir ona.

Qizil Xoch O’sh va Jalolobodda o’z xodimlari sonini oshirish afarasida. Piyer-Emmanuel Dukruening aytishicha, hozirda tashkilot 30 chet ellik va 20 mahalliy xizmatchiga ega. Gumanitar yordam oqimi oshar ekan, xodimlarga talab katta. O’zbekistonda 60 odam ishlaydi. Asosiy diqqat va faoliyat hozir Qirg’iziston bilan chegaradosh hududlarda.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG