Breaking News

Qochqinlarga har tomondan yordam berilmoqda, ammo kam


Toshkentliklar qochqinlarga yordam qo'lini cho'zishga shoshilmoqda
Toshkentliklar qochqinlarga yordam qo'lini cho'zishga shoshilmoqda

Xalqaro tashkilotlar, O'zbekiston hukumati, ayrim davlatlar, oddiy fuqarolar, xorijdagi o'zbeklar Qirg'iziston janubidan qochgan odamlarga yordam bermoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, Qirg'iziston janubidagi xunrezliklar oqibatida hududni 400 mingga yaqin o'zbeklar tashlab chiqqan. Aksariyati O'zbekistonning Farg'ona vodiysidagi 3 viloyatida tashkil etilgan lagerlarda yashamoqda. Ularga gumanitar yordam ko'rsatish dolzarb muammo bo'lib qolmoqda. Bu ishda mahalliy va xalqaro tashkilotlar hamda fojiaga befarq tura olmagan O'zbekiston fuqarolari faol ishtirok etmoqda.

Qirg'iziston janubidan O'zbekistonga qochqinlar o'ta boshlashi bilan xorijdagi o'zbekistonliklar yordamga shoshildi. AQSh, Rossiya, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardagi o'zbeklar xayriya to'play boshlashdi. Toshkentga jo'natilgan ushbu pullarga esa qochqinlar uchun eng zarur jihozlar sotib olinib, lagerlarga jo'natilmoqda.

"Amerikadagi vatandoshlardan 2800 dollar pul oldik. Unga ayollar va bolalar uchun gigiyena vositalari, bolalar kiyimi va ovqati hamda suv sotib olib, o'sha kuniyoq Qo'qondagi hamkor tashkilotga yubordik. Biroq bu narsalar 50 oila ehtiyojlarini qondirishga yetdi xolos", - deydi Toshkentdagi jonkuyarlardan biri.

Kechadan boshlab xalqaro tashkilotlar ham O'zbekistonga o'tgan qochqinlarga insonparvarlik yordamini yetkaza boshlagan. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ikkita samolyot yuborgan. AQShning Xalqaro tibbiy tashkilotlar (Medical Teams International) guruhi 20 ming qochqinga uch oyga yetadigan 900 ming dollarlik dori-darmon jo'natgan. O'zbekiston hukumati qochqinlarga xayriya uchun hisob raqamlari tashkil etgan. "Sog'lom avlod uchun", Forum va "Sen yolg'iz emassan" jamg'armalari faol ish olib bormoqda.

Bugun Prezident Karimovning qizi Lola Karimova boshchiligidagi "Sen yolg'iz emassan" jamg'armasi tashabbusi bilan Toshkent shahridagi 17-maktabda kuni bilan aholidan qochqinlarga yordam qabul qilingan.

Tashkilot vakilining aytishicha, kutilganidan ko'p xayriya olindi. Bugun-erta yuk qochqinlar lageriga yuboriladi.

O'zbekistonga o'tgan qochqinlar ahvolidan xalqaro tashkilotlar, hukumat va oddiy fuqarolar xabar olar ekan, Qirg'iziston janubida yordam yetib bormagan hali ko'p joylar bor. Xavfsizlik ta'minlanmagani bois o'zbeklar gumanitar yordam tarqatilayotgan punktlarga borishdan hayiqmoqda.

Amerika ovoziga Jaloloboddan yo'llanayotgan xatlarning birida aytilishicha, masalan, kecha Abduvahob Izzatullayev ismli odam insonparvarlik yordamini olish uchun borgan yagona o'zbek bo'lgan, biroq Jalolobod Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlanib, qiynoqlarga solingan va qo'lidagi oziq-ovqat mahsulotlari tortib olingan.

AQShning Virjiniya shtatida o'qiydigan qirg'izistonlik Feruza Hoshimovaning aytishicha, uning oilasi Jalolobodda hamon qamalda.

"Yosh bolalar bilan yerto'lada yashirinib o'tirishibdi. Oziq-ovqat qolmagan, quruq non-suvda", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG