Breaking News

"O'zbeklarni qamoqqa olib, qiynashni bas qiling"


Human Rights Watch, xalqaro huquq tashkiloti Qirg’iziston hukumatidan o’zbek aholini asossiz qamoqqa olib, qiynoqqa solish hollariga chek qo’yishni talab qilmoqda.

"Rasmiylar o’tgan oy ro’y bergan qirg’inni tergov qilib, aybdorlarni qidirar ekan, asosan o’zbeklar hibsga olinmoqda", - deydi huquq tashkiloti xodimi Anna Neystat.

Human Rights Watch hibsdagilar bo’g’ilgan, kuydirilgan hollar bor deya ogohlantirmoqda.

"Odamlarni qiynab, aybiga iqror qildirish yaxshi oqibatga olib bormaydi, balki elatlararo adovatni yanada avj oldiradi. Bunday tergovga ishonch yo’q", - deydi Neystat.

Hukumat a'zolari bunday chaqiriqlarga javob berishga shoshmayapti. O'sh va Jalolobodda o'nlab o'zbeklar xavfsizlik xizmatlari tomonidan olib ketilgan.

Aholi nazarida hukumat ularga qarshi jinoiy ishlar qo'z'gatib, qirg'inga aslida o'zbeklarning o'zi sabab bo'lgan degan da'vo bilan chiqish harakatida.

Bishkekda asosiy diqqat oktabr oyida o'tadigan parlament saylovlarga tayyorgarlikda.

Qirg’izisiton muvaqqat bosh vazir muovini Almazbek Atambayev kuzgi parlament saylovlarida qatnashish maqsadida lavozimidan bo’shashga qaror qilgan.

Atambayev kecha prezident Roza Otunbayevaga ishdan ketish haqida ariza bergan.

Hafta boshida muvaqqat moliya vaziri Temir Sariyev va konstitutsion masalalar bo’yicha mas’ul Omurbek Tekebayev ham kursisini bo’shatgan.

Otunbayeva saylov oldidan boshqaruvda turgan aksariyat arboblarni ishdan ketib, poygaga taraddud ko’rishga chaqirgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG