Qirg’iziston janubidagi qirg’in sabablarini tergov qilib, jinoyatchilarni jazolash to’g’risida chaqiriqlar yangramoqda.
BMT hisobicha, Qirg’iziston va O’zbekistonda 1 million kishi yordamga muhtoj – uyini-joyini tashlab ketgan, himoyaga muhtoj odamlar. Xalqaro tashkilotlar nazarida BMT Qirg’izistonga tinchlikparvar missiya safarbar etmasa bo’lmaydi.
Vayronagarchilik, talon-taroj, odamlarni tiriklayin yoqib yuborish va jinsiy tahqirlash – inson tasavvuriga sig’maydigan bunday vahshiyliklar o’tgan bir hafta ichida Qirg’iziston janubini dahshatga soldi. Nishonga olingan guruh - o’zbek aholi.
Qirg’inda o’lganlar soni rasmiy manbalarda 200 dan oshiq deb ko’rsatilmoqda, ammo muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva fikricha 2 ming odam o’lgan bo’lishi mumkin. Ko’plab jasadlar dafn etib bo’lingan.
O’sh shahrining 70 foizi vayron bo’lgan, biznes va xonadonlarning kuli ko’kki sovurilgan. BMT hisobiga ko’ra, 100 ming odam chegarani kesib O’zbekistonga o’tgan. Qochqinlar orasida jinsiy xo’rlanganlar ko’p.
O’shlik Matluba Akramovaning 16 yoshli qarindoshi yarador otasiga qarayman deb yerto’ladan chiqqanida, qirg’iz to’dalar qo’liga tushib qolgan.
“Bu qizni ular ko’rgan zahoti yopirilib kelib, otasining ko’z oldida unga tajovuz qilishdi. Hayvondan battar bu odamlar, hayvon ham shunday qilmaydi”, - deydi Matluba Akramova.
Jabrdiydalarning aksariyati boshidan o’tganini so’zlab berishdan iymanadi. Human Rights Watch huquq tashkiloti vakillari O’sh va Jalolobodda bo’lib, ular bilan suhbatlashgan, muammo ko’lamini o’rganmoqda.
“Hozirgina zo’rlangan ayollardan biri bilan gaplashdim. Jinoyat O’sh va Jalolobodning turli qismlarida ro’y bergan. Bir mahallaning o’zida bir necha qiz-juvonlar. Aniq aytishim mumkin, bu shunchaki mish-mish emas, fakt. Gap ko’lamini aniqlashda”, - deydi Human Rights Watchi vakili Anna Naistat.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, AQSh, Rossiya va xalqaro tashkilotlar qochqinlarga gumanitar yordam yetkazmoqda. O’zbekistonda qariyb 100 qochqin uchun lagerlar tashkil etilgan. Yana minglab inson qirg’iz-o’zbek chegarasida sargardon.
Ko’pchilik ko’rgan-bilganlaridan shok holatida va ruhiy yordamga muhtoj. Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi va Chegara Bilmas Shifokorlar butun diqqatni hozir ana shu insonlarga qaratmoqda.
“Ahvol o’gir. Qochqinlarning ko’pi travmada, ruhiy jarohati chuqur. Inson borki, ertani o’ylaydi, kelajak haqida qayg’uradi. Bizga endi nima bo’ladi, deb so’raydi. Hammaning xayolida shu. Vaqt o’tishi bilan ularning ahvoli og’irlashaveradi”, - deydi Chegara Bilmas Shifokorlar vakili Kalvin Vayt.
O’tgan haftaga qiyoslaganda janub hozir nisbatan tinch. Muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva ilk bor O’shga kelib, shaharni ko’zdan kechirdi.
“Vayrona bo’lgan hududlarni qayta quramiz, odamlar uylariga qayta olishi kerak”, - deydi u. AQShning region bo’yicha diplomati Robert Bleyk Andijonda qochqinlar bilan uchrashib, mustaqil tergov o’tkazishga chaqirmoqda.