Breaking News

Qirg’izistonda odamlarni garovga olish hollari qayd etilgan


Mintaqa eng qonli etnik ixtilofni boshidan kechirar ekan, O’sh shahrida bugun ham otishmalar yangragan. O’zbek mahallalari va qirg’iz qishloqlari barrikadalar bilan ajratilgan.

Adovat kayfiyati kuchli. Ko’cha-ko’yda qurol ko’targan kishilar kim ekani, ulardan nima kutishni bilmaymiz, deydi aholi. Odamlarni garovga olish hollari qayd etilgan. Biroq rasmiylar vaziyatni nazoratga oldik deb ishontirmoqda.

O’shning markaziy ko’chalari to’siqlardan tozalangan. Biroq atrofdagi mavzelarda aholi himoya uchun qo’ygan to’siqlar hamon qolmoqda.

Huquq-tartibot tizimlari ma’lumotiga ko’ra, odamlarni o’qqa tutayotgan 10 ga yaqin merganlar qo’lga olingan. O’sh shahar meriyasi ta’rifiga ko’ra, hududning 70 foizi ziyon ko’rgan: yuzlab turar-joy, savdo va dam olish maskanlari, maishiy muassasalar.

Janjaldan chekka joylarda suv, elektr toki bor, biroq O’sh va Jalolobod markazlarida aksincha. Hukumat bu kamchilikni hal qilishga urinmoqda, ammo ko’pchilik xizmatga chiqmay qo’ygan.

Rasmiy xabarlarga ko’ra, janubiy Qirg’izistonga 2 ming tonnaga yaqin insonparvarlik yordami kelgan. Biroq bu mahsulot xolis bo’linmayotgani haqida da’volar bor. Muvaqqat hukumat vakili Aygul Rizqulova oziq-ovqatni joy-joyiga yetkazishda muammolar borligini tan olgan.

Ko’plab o’zbek mahallalari umuman yordam olmaganini aytadi. Tevarak qishloq vakillari insonparvarlik yordami to’plab, joy-joylarga o’zlari olib bormoqda.

Hozir ikki davlat telekanali va ba’zi radio stansiyalar ishlab turibdi. Ammo o’zbek tilida ish yurituvchi mahalliy kanallar yopiq. Jumladan, O’sh TV, Mezon TV kanallari.

Ko’pchilik davlat tizimlariga ishonmayotganini aytadi. Ular nazarida davlat axborot vositalari berayotgan ma’lumot bir yoqlama.

XS
SM
MD
LG