Breaking News

Qirg'izistondagi fojia Tojikistondagi o'zbek ziyolilari nazarida


Qirg’iziston janubidagi voqealardan asta-sekin xabar topayotgan Tojikiston ahli, mahalliy o’zbek ziyolilari elatlararo adovat yanada alanga olishidan qo’rqmoqda. Ular nazarida xalqlar o’rtasidagi kelishmovchilikdan qandaydir uchinchi kuchlar manfaatdor.

O’zbek olimi, So’g’d viloyatida O’zbek ma’naviyat va ma’rifat markazi tashkilotchisi Ilhom Yusupov O’sh va Jalolobod voqealari rejalashtirilgan deb hisoblaydi va tashkilotchilar fosh etilishiga ishonadi.

"Ba’zi bir insonlarning qirg’iz xalqiga mag’zava to’kishi ham to’g’ri emas deb o’ylayman. Chunki bu yerda butun qirg’iz xalqi milliy nizolarni olib borayotgani yo’q. Qaysidir guruh o’zining tor manfaatlari uchun tashkil etilgan o’yinga butun xalqni jalb etishmoqchi bo’lishmoqda", - deydi Ilhom Yusupov.

Tojikistondagi “Xalq So’zi” jumhuriyat gazetasining maxsus muxbiri, tahlilchi jurnalist Alisher Ahmedov fikricha fojeada sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev va uning yaqinlarini ayblayotgan muvaqqat hukumat a’zolari unchalik ham haq emas.

"Go’yoki qaysidir yo’llar bilan chamadon-chamadon pul tashlab ketishyapti deyishyapti. E, bu noto’g’ri gap. Agar shunaqa pul bo’lsa va o’ziga tinch bo’ladigan bo’lsa, u ham Askar Akayevdek jimgina o’tiraverardi-da. Bakiyev bu voqealarda qo’li yo'qligini aytdi, nazarimda bu to’g’ri gap. Chunki hozir uning fikru-zikri, nafaqat uning, o’g’li yoki yaqinlarining fikri faqat bittada - qanday qilib bu muvaqqat hukumat kundasidan boshini omon qoldirish. Boshqa hech narsa emas", - deydi jurnalist.

Taniqli tojik jurnalisti, mustaqil “Varorud” gazetasi Bosh muharriri o’rinbosari, siyosiy sharhlovchi Jo’ra Yusufiy bu voqealarda Qirg’iziston muvaqqat hukumatini ayblaydi.

"Bu, hammadan oldin, yangi muvaqqat hukumatning sustligi sabab edi. Respublikaning barcha viloyatlari, alalxusus janubda davlatni boshqara olmaganligi uchun bo’ ldi. O’tayotgan fojealar muvaqqat hukumatning ojizligini ko’rsatmoqda", - deydi u.

O’zbek olimi Yusupov mavjud holatning bu qadar tez rivojlanib ketishini “qo’shni davlatlar ham o’ylashmagan” der ekan, qochqinlarni qabul qilayotgan O’zbekiston hukumati pozitsiyasini ijobiy baholaydi.

"Har qanday holatda ham chegarani ochib qo’yib, nizolarni kamaytirish maqsadida o’ziga qabul qilishi ham katta jasorat deb, buni ham bir katta yordam, millatdoshlarga bo’lgan ehtirom deb o’ylayman", - deydi o’zbek olimi.

Mintaqadagi ayrim tahlilchilar Qirg’iziston janubidagi etnik fojeani tahlil qilisharkan, buni Tojikiston misolida takrorlanib qolish ehtimolini gapirishadi. Alisher Ahmedov “hozir hech narsaga kafolat berib bo’lmasada, Tojikistonda bunday holat bo’lmasa kerak”, deb fikrlaydi.

"Tojikistonda, rasmiy ma’lumotga ko’ra, 900 ming - 800 ming o’zbeklar yashaydi. Aslida ikki million desak ham xato bo’lmaydi, chunki Sovet davrida 1 milloin 300 ming yashagan odam nima, qirilib ketdimi? Qirilgani yo'q, bor. Demak o’zbeklar ko’p bu yerda. Qirg’izistondagi voqealar bu yerda takror bo’lishi mumkinmi-yo’qmi degan masalaga kelganda, do’ppini bir chetga qo’yib gapiradigan bo’lsak, bugungi kunda Markaziy Osiyoda emas, butun ilgarigi SSSR respublikalarida bo’ladigan narsa bu, va bo’lishi mumkin. Hatto Rossiyada bo’lishi mumkin. Bu dunyoda, hozirgi paytda hech narsaga kafolat yo’q aslida-yu, lekin meni fikrimcha, bunday voqealar bo’lmasligi kerak Tojikistonda", - deydi o’zbek jurnalisti.

Yusupovga ko’ra, Qirg’iziston fojeasi mintaqada bir dindagi, urf-odatlari bir xil xalqlar o’rtasida to’qnashuvlar ehtimoli mavjudligini ko’rsatadi.

"Qirg’izistonda bo’lgan fojealarni butun dunyo, qolaversa Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ham o’ziga katta saboq qilib olishlari kerak. Biz bir ota-onadan tarqagan bo’lsak, din, urf-odat, qadriyatlarimiz bir bo’lsada, mana shunday nizolar ehtimoli borligini yana hayot ko’rsatib qo’yayapti. Mana shunday fojealardan to’g’ri xulosa chiqarib, har qanday millat bir-biri bilan qavmu-qarindosh bo’lib yashaydi degan katta umidlarim bor", - deydi u.

Siyosiy sharhlovchi Yusufiy fikricha, Qirg’izistondagi layoqatsiz muvaqqat hukumat uchinchi bir davlat, aynan Rossiyadan madad so’rab xato qilgan.

"Uchinchi mamlakat - Rossiyadan yordam so’rashdi va o’ylaymanki, endi Rossiya harbiylarining Qirg’izistonda o’rnashib olishi juda uzoqqa cho’zilib ketadi. Nazarimda, regionda rus harbiylarining kuchayishi mintaqa uchun yaxshilikka olib bormaydi. Bu qaltis xato bo’ldi, ehtimolki, o’ylab qilingan xato bo’ldi", - deydi tahlilchi tojik jurnalisti Yusufiy.

XS
SM
MD
LG