Tojikistonda ikki milliondan ziyon o’zbek yashaydi. Vaziyatni Rossiya matbuoti yoki internet orqali kuzatayatgan kishilar nazarida bu etnik kelishmovchilik emas, siyosiy doiralar, hukumat talashayotgan kuchlar ig’vosi.
Mahalliy gazetalar o’quvchilarga endi yetib kelmoqda.
“Voqealardan kam xabardormiz. Ko’p narsani eshitganimiz yo’q. Hamma o’zining tirikchiligi bilan band”, - deyishadi ular. Xabardorlar esa urushni qoralaydi.
“To’y-ma'rakada birga bo’lgan qo’ni-qo’shni bir–birini o’ldirishi, shuyam qiliqmi? Xalqni shuncha qiynash nima hojati bor axir? O’sha qiynayotganlar ham o’g’li bor, qizi bor, bola-chaqasi bor axir. Qanday shularni qiladi axir?" - deydi o’zbek otaxonlaridan biri.
Mustaqil tahlilchi Abdullo Rajabovning aytishicha, qirg’izu o’zbek orasidagi fojeani rejalashtirganlarning o’zi ham bundan ziyon ko’radi. Uning aytishicha, o’rmonga o’t ketsa, ho’lu quruq barobar yonadi.
“Bunday ommaviy to’polonning oqibati nima bo’lishini, qaysi tomonga burilishini, qanchalik tarqalib ketishini hech kim bilolmaydi. Oradagi xunrezliklar butun Markaziy Osiyoga tarqalib ketib, etnik fojealarga olib borishi mumkin. Bundan kimlardir foydalanib, shuni oldindan planlashtirib kelgan. Shunga kelyapti, kelib bo’lgan".
"Bu planning boshlanishi. Birinchi navbatda konfliktni to’xtatish kerak. Bo’lmasa, og’ir oqibatlarga, davomli urushlarga cho’zilib ketishi mumkin. Afg’onistondan ham dahshatli holat bo’lishi mumkin bu yerda. Farg’ona vodiysida aholi juda zich joylashgan. Lekin hozirgi paytda kuchning ko’pi qirg’izlar tomonda, o’zbeklarni quvib chiqarmoqda. Bu narsa baribir hali shunday qolmaydi, albatta”, - deydi Rajabov.
So’g’d viloyatining Asht nohiyasidan bo’lgan Bobomurod Qalandarov Xo'janddagi siyosat, huquq va tijorat oliygohining 3-kurs talabasi. Uning fikricha, “qirg’iz-o’zbek fojeasini tahlilchilar etnik asosda deyishsa-da, aslida unday emas”.
“Bu qasddan rejalangan narsa. Kimlardir ikki xalq orasidagi sezilar-sezilmas kelishmovchilikdan ustalik bilan foydalandi”, - deydi Bobomurod.
Bo’layotgan voqealarni Qirg’izistonning ichki ishi deb baholagan qo’shni davlatlar rahbarlari hozir Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti doirasida muammoni yechishga harakat qilmoqda.
Ba’zi rus tahlilchilari nazarida voqealarning har qanday rivoji Rossiya manfaatlariga mos keladi.
Mutaxassislar, G’arb mamlakatlari bu masalaga tezroq, oqilona yondashmasa, regionda o’z ta’sirini umuman yo’qotishlari mumkin deydi.
Tahlilchi Rajabov harbiy kuchlarini Qirg’izistonga kiritayotgan Rossiya shu yo’nalishda harakat qilaversa, O’zbekiston qo’shilsa, G’arb nazarida xato qilgandek ko’rinadi, deydi.
“Tashqaridan kirib borishni boshqa davlatga hujum deyish mumkin. Hozir Rossiya armiyani tashasa, bu yoqdan O’zbekiston tashasa, xuddiki, dunyoga kulgilik holat bo’lib qoladi".
"Buni siyosatchilar juda yaxshi biladi. Hozir shunga yo’l qidiryapti bular qaysi yo’l bilan… Agarda qilinadigan bo’lsa ham bu narsalar rasman aytilmasa kerak matbuotda”, - deydi Rajabov.
Qirg’izistonning Batken viloyati bilan chegaradosh Tojikiston nohiyasidan bo’lgan Saodat Notmatova qirg’iz qarindoshlari taqdiridan xavotirga tushgan holda “tog’amning xotinlari Bishkekdan, ota-onalaridan xavotirda hozir” deb bolasini bag’riga bosadi.
“Ukam Moskvadan telefon qildi, tinchmisizlar deb. Bu qanaqa zamon bo’ldi, deb xavotir bo’ldi. Man o’zi Andarsoydanman. Bir qadam toqqa chiqsangiz, u yog’i Qirg’iziston. Mening buvamning yarim urug’i Qirg’izistondan. Qarindoshlarimiz qirg’iz. Oxiri nima bo’larkin deb xavotirdamiz", - deydi Saodat.
Voqealar borasida Rossiya televideniyesidan “Markaziy Osiyoda katta fojea yuz berishi mumkin” deb berilayotgan ayrim fikrlarni Rajabov O’zbekistonga nisbatan qaratilgan deydi.
"Bu so’zlar kimga qaratilgan? Kimga qarata? O’zbekiston prezidentiga, aynan O’zbekiston aholisiga. Chunki, o’zbeklar agar hujumga o’tsa, Markaziy Osiyo tamom, porox, portlash bo’ladi", - deydi u.