Breaking News

Dunyo Qirg'iziston janubidagi voqealardan bexabar


Xunrezliklar boshlanganidan 6 kun o'tib ham jahon hamjamiyatining Qirg'iziston janubidagi voqealarga diqqati sust. O'zbeklar namoyishlar bilan o'z dardiga diqqat qaratmoqchi.

Qirg'iziston janubida vaziyat hamon tarang. O'zbekistonga qochgan odamlar ahvoli ham og'ir. O'zbeklar xalqaro tashkilotlarning gumanitar ofatga munosabati, javobi sekinligidan nolimoqda. Xorijdagi o'zbeklar jahon ahli diqqatini muammoga qaratishga harakat qilmoqda.

Qirg'iziston janubidagi xunrezliklar Janubiy Afrikada futbol bo'yicha Jahon chempionati boshlanishiga to'g'ri keldi. Amerikada esa British Petroleum kompaniyasiga qarashli neft qudug'i Meksika ko'rfazida portlab, juda katta midqorda qoramoy suv va atrof-muhitni zaharlamoqda. AQSh, xususan prezident Barak Obamaning butun diqqati ana shu muammoda. Shu sababdan Qirg'iziston janubidagi mojaro jahon e'tiborini butunlay jalb qila olmayapti. Voqealar nafaqat xorijda, balki O'zbekistonning o'zida ham kam yoki deyarli yoritilmayapti.

Jizzaxlik Komila ismli o'qituvchining aytishicha, na "Axborot" va na "Davr" informatsion dasturlarida xunrezliklar va qochqinlar haqida xabar bor.

"Jizzaxliklar boqi-beg'am. O'shlik o'zbeklar boshiga tushgan kulfatdan bexabar. Matbuotda bu haqda hech gap yo'q," - deydi u.

Jahon hamjamiyati va xususan Birlashgan Millatlar Tashkiloti diqqatini gumanitar krizisga qaratish maqsadida kecha Nyu-Yorkda qirg'izistonlik va o'zbekistonliklar BMT qarorgohi qarshisida namoyish qilgan edi. Bugun esa Ukraina poytaxti Kiyevda o'zbeklar to'plangan.

Xarkovdagi O'zbek madaniy markazi raisi Shahobiddin Yusupovning aytishicha, taxminan 150 kishi BMT idorasi yonida namoyish qildi.

"Qirg'iziston janubiga tinchlikparvar kuchlarini kiritish talabi bilan chiqdik.O'lganlarni hatto ko'ma olishmayapti. Qirg'iz askarlari va snayperlar hujum qilmoqda," - deydi Yusupov.

Namoyishchilardan biri, asli jalolobodlik Muhabbat Qodirjonovaning aytishicha, Ukraina matbuotida Qirg'iziston janubidagi voqea deyarli yoritilmayapti.

"Kecha "Segodnya" gazetasida haqiqatga yaqinroq bir maqola chiqdi xolos. Ukrainaliklar umuman bexabar. O'z bo'lsak-da, qirg'in haqida jar solishga harakat qilyapmiz,"

Moskvadagi o'zbeklar jamoasi vakili Sherzod Rahmonov xunrezliklar to'xtamagan, zudlik bilan xalqaro qo'shinlarni kiritish kerak, demoqda. Ma'lumki, Rossiya Qirg'iziston hukumatining harbiy kuchlarini kiritish haqidagi iltimosini rad etgan edi.

"Qochqinlarning mojaro zonasidan chiqishi uchun xavfsiz korridor tashkil qilib, chegarani ochish va qo'shinlarni kiritish kerak. Chunki uylarida yashirinib o'tirganlar ko'p. Ularga yordam berish kerak", - deydi Rahmonov.

O'zbeklar jinoiy to'dalarning asosiy nishoni bo'lgani bilan, qochqinlar orasida boshqa millat vakillari ham bor.

Galina ismli rus ayolining aytishicha, O'sh shahri qo'rquvda.

O'rinboy Sulaymonov ismli qirg'iz millatiga mansub o'shlikning Amerika ovoziga aytishicha, ko'ngillilardan iborat guruhlar tuzilib, mahallalarni himoya qilishga harakat qilmoqda.

"O'zbeklarga "qo'rqmanglar, sizlarni xafa qilishmaydi" deb aytyapman", - deydi O'rinboy.

Ammo so'nggi 6 kun ichida dahshatli voqeani boshdan kechirgan o'zbeklarda qirg'iz birodarlariga nisbatan ishonch qolmagan.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG