Breaking News

Otunbayeva: Janubda vaziyatni tashqi yordamsiz tinchita olmaymiz


"Amerika Ovozi" muxbirining xabar berishicha, O'shda talon-taroj avjida. Hukumat, nazorat degan narsadan darak yo'q. Xabarni o'ng tomondagi audio fayldan tinglang.

Qirg’iziston janubida ahvol tobora og’irlashib borar ekan, muvaqqat hukumat xunrezlikni to’xtatish uchun Rossiyadan yordam so’ramoqda.

Roza Otunbayeva, mamlakat rahbari, Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin bilan so’zlashgan. O’shdagi vaziyatni tashqi yordamsiz nazoratga olib bo’lmasligini aytgan. Kreml Qirg’izistonga darhol qo’shin jo’nata olmasligini ma’lum qilmoqda.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning aytishicha, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a’zo davlatlar uchrashib, Qirg’izistondagi vaziyatni muhokama qiladi.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, qirg’iz-o’zbek to’qnashuvlarida hozirgacha 70 dan oshiq odam halok bo’lgan. Guvohlar minglab inson qurbon bo’lganini aytadi. Yaralanganlar 900 ga yaqin.

O’zbekiston hukumati Qirg’iziston bilan bir necha chegara punktlarini ochib, qariyalar, ayollar va bolalarga o’tishga ruxsat bergan.

Muvaqqat hukumat raisasi aholi qo’lida qurol-yarog’ ko’pligiga e’tibor qaratib, qo’shni Jalolobodda ham favqulodda holat e’lon qilgan. Guvohlar “O’shda vaziyat tamoman izdan chiqqan, huquq-tartibot idoralari qo’lidan hech narsa kelmayapti” deydi.

XS
SM
MD
LG