Breaking News

AQSh diplomatlari Bishkekda Manas bazasi taqdirini muhokama qilmoqda


AQSh diplomatlari Bishkekda Manas bazasi taqdirini muhokama qilmoqda
AQSh diplomatlari Bishkekda Manas bazasi taqdirini muhokama qilmoqda

Qirg’izistonda yakshanba kungi saylovda g’alaba qilgan partiyalar koalitsion hukumat tuzishga kirishayotgan bir paytda, Manas, AQSh harbiylari foydalanayotgan bazani saqlab qolish bo’yicha muhokamalar ham boshlangan.

Bishkekda rasmiylar bilan muloqot qilgan AQSh diplomati Syuzan Elliotning baza bo’yicha kelishuv imzolanishiga ishonchi komil.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini o’rinbosari bu haqda Bishkekda bayon qildi.

Ma’lumki, saylov kampaniyasida Qirg’izistonning yangi hukumati Manasni yopishi kerak degan bayonotlar yangragan. Sabab, deydi ayrim siyosatchilar, uning AQShga ijaraga berilgani Rossiya bilan imzolangan kelishuvlarga zid. Jangari xurujlari ham ehtimoldan xoli emas.

Ammo mahalliy va rossiyalik tahlilchilar nazarida, Qirg’izistondagi siyosiy o’zgarishlar Manas faoliyatiga ta’sir ko’rsatmaydi. 2010 yilda NATO deyarli barcha qo’shinlarini shu baza orqali Afg’onistonga olib o’tgan.

Siyosatdon Andrey Grozin deydiki, Markaziy Osiyoni o’z ta’sir doirasida deb biluvchi Rossiya rahbarlari, bugungi kunda, “Afg’oniston tinch bo’lsa, mintaqa tinch” degan xulosaga qo’shiladi.

NATO havo kuchlari o’tgan yildan beri Rossiya osmonidan foydalanib kelmoqda. Uning hududi orqali noharbiy yuk olib o’tishga ruxsat bor.

Bishkekdagi muxbirimiz Jeyms Brukning hikoya qilishicha, Kremlning bu pozitsiyasi Qirg’izistonda aks-sado beryapti. Aksar siyosatchilar Manasni yopish ahdidan qaytgan.

Saylovda g’alaba qilgan partiyalardan biri, “Respublika” rahbari Omurbek Babanov qo’shnilar manfaatini hisobga olib, Rossiya bilan maslahatlashib, baza taqdirini hal qilish tarafdorimiz deydi.

AQSh dipmolati Syuzan Elliot hozir Bishkekda, koalitsiya tuzishga harakat qilayotgan barcha partiyalar vakillari bilan muzokara qilmoqda.

“Baza ishini davom ettiradi degan umiddamiz”, deydi u. Ijara haqi va shartlari kelasi yili bahorda gaplashib olinishi kerak.

So’nggi payt Pokiston tobora beqaror ekani bois NATO kuchlari ta’minoti bir necha bor uzilgan. Bu, deydi tahlilchilar, Manas tranzit markazi ahamiyatini yanada oshiradi.

XS
SM
MD
LG