Breaking News

Musulmonlar Obamadan real o'zgarishlar kutmoqda



AQSh va arab dunyosi aloqalari azaldan murakkab. Amerika neftga boy davlatlar bilan biznesni qanchalik mustahkamlamasin, jamoatchilik orasida Isroilni qo’llab-uvvatlovchi bu davlatga munosabat ko'p hollarda salbiy.

Barak Obama, undan oldingi prezident Jorj Bush singari, Falastin davlati barpo etilmasa, Yaqin Sharq alanga ichida qoladi degan fikrda.

Isroilning yangi hukumati hozircha bunday qarashdan yiroq.

Arab dunyosining eng yirik qismi bo'lmish Misr uzoq yillar davomida AQShdan eng ko'p moddiy yordam olgan davlat.

Obama u yerga yaqin kunlarda safar qilib, musulmon ommaga murojaat qilishi bejiz emas.

Omma fikrini o’rganuvchi tashkilotlarning xulosa qilishicha, arab dunyosida Qo’shma Shtatlarni adolatsizlik, ikkiyuzlamachi siyosatda ayblovchilar ko’pchilikni tashkil etadi.

Dushmanlar haqida gap ketganda, birinchi Isroil, keyin esa Amerika tilga olinadi. Lekin Obama saylanib, qarashlar biroz yumshagan.

Arablarning qariyb yarmi, deydi tahlilchilar, Obamadan umidvor.
Siyosatshunos Shibli Tilamiy jamoatchilik fikrini yaqindan o’rgangan.

“Arablarga Obama ma’qul. Odamlar buni yashirmaydi va Amerika tashqi siyosati endi o’zgaradi deb umidvor. Hozircha fikr ijobiy, lekin hamma narsa Amerika hukumati amalda nima qilishiga bog’liq. Bugungacha katta bir o’zgarish bo’ldi deya olmaymiz”,- deydi Tilamiy.

Jahonning bu qismida Amerikaga nisbatan munosabatni Falastin-Isroil mojarosi belgilaydi. Bu omma Vashingtonning Isroilni, yahudiy davlatini, yoqlayotganidan norozi.

Yana bir nozik masala bu Iroqdagi urush. Amerika bu mamlakat sarhadini tark etmaguncha, bosqinchi nomidan qutulmaydi.

Arablar real o’zgarishlar kutmoqda, deydi Tilamiy.

“Obamaning o’zi so’zimga emas, qadamimga qarab baho bering demoqda. Arab axborot vositalariga bergan intervyularida, murojaatlarida shuni qayta-qayta takrorlamoqda. Odamlar buni tushunayapti va munosabat ham shunga yarasha”,- deydi u.

Qo’shma Shtatlar arab dunyosi bilan bog’liq muammolarni ular bilan hamkorlikda hal etish harakatida.

Isroil-Falastin mojarosini yechishda Amerika qatorida Misr ham vositachilik qiladi.

Vashington qo’shni davlatlardan ham yaqindan hamkorlik qilishni so’ramoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG