<!-- IMAGE -->
Nyu-Yorkda portlash sodir etish gumoni bilan qo’lga olingan shaxs – 30 yoshli Faysal Shahzod ustidan tergov davom etmoqda. Unga terrorizm va ommaviy qirg’in qurolini qo’llashga urinish aybi qo’yilgan.
Faysal Shahzod asli pokistonlik, o’tgan yili AQSh fuqaroligini olgan. U Nyu-Yorkdan Dubayga uchish arafasida, samolyotda hibsga olingan edi.
Bomba joylashtirilgan mashinani Nyu-Yorkning “Tayms” maydonida portlatishga uringani hamda bu sohada Pokistonda dars olganini tan olgan.
AQSh Adliya vaziri Erik Xolderning bayon qilishicha, “maqsad Amerikaning eng gavjum nuqtasida terroristik xuruj uyushtirib, iloji boricha ko’proq odamni o’ldirish bo’lgani ravshan”.
Faysal Shahzod AQSh Federal Qidiruv Byurosi bilan hamkorlik qilib, tergovchilarga barcha so’ralgan ma’lumotni berayotgani ma’lum.
Faysal, rasmiylarning aytishicha, Konnektikut shtatida yashab, bir paytlar moliyaviy maslahatchi lavozimida ishlagan. Uylangan, ikki farzandning otasi. Amerikada kompyuter va biznes sohalarida ta’lim olgan.
Tergovchilarga ko’ra, Faysal internetda mashina xarid qilib, unga qo’lbola bombani joylashtirib, Nyu-Yorkning gavjum ko’chasida qoldirib ketgan.
Prezident Obama oddiy nyu-yorkliklar va mahalliy politsiyani tezkorligi uchun maqtab, yuzlab insonlarning hayoti saqlab qolindi deydi. AQSh rahbari jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni ham aniqlab topishga, agar bu ishning xalqaro terrorizmga aloqasi bo’lsa, buning ham tagiga yetishga va’da bermoqda.
Xavotir shundaki, bu voqea ketidan Amerikada 2001 yilda bo’lgani kabi musulmonlar va muhojirlarga nisbatan munosabat salbiylashishi, shubha-gumonlar va disktriminatsiyaga yo’l ochishi mumkin.
Pokiston hukumati Nyu-Yorkdagi voqeaga bu mamlakatdagi jangari guruhlar aloqador ekanini rad etmoqda.
“Tolibonning AQShda xuruj rejalashga qurbi yetmaydi”, - deydi armiya generali Atar Abbos. Nyu-York politsiyasiga ko’ra, Faysal Shahzod Tolibondan ko’mak olgani haqida dalil-isbot yo’q.