G’arb axborot agentliklari arab davlatlaridan ularga qarashli kanallar faoliyatiga cheklov qo’ymaslikni so’ramoqda.
Birlashgan Arab Amirliklarida ushbu mavzuda sammit bo’lib o’tgan. Kuzatuvchilarga ko’ra mintaqada o’zini eng ochiq va bag’rikeng davlat sifatida reklama qilayotgan bu mamlakatda so’z erkinligi bosim ostida.
Yaqin Sharq jahonda ommaviy axborot vositalari tez sur’atda rivojlanayotgan mintaqa hisoblanadi. Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabi bu borada markaz bo’lishga intilmoqda. Buning uchun pul yetarli, shahar ham qulay joylashgan.
Ammo, deydi amerikalik milliarder, “Nyus” korporatsiyasi asoschisi va rahbari Rupert Murdok, matbuot bosim ostida ekan, Abu-Dabi hech qachon bunday markaz bo’la olmaydi.
“Matbuotni nazorat qilishga oshiqayotgan hukumatlar o’ziga nisbatan ishonchsizlik hissini uyg’otadi. Tartib o’rnatishga intiladiyu, aslida vahimani keltirib chiqaradi. Albatta, mahalliy qadriyatlar va an’analarni hurmat qilish kerak, biroq bunga majburlash to’g’ri emas”, - deydi Murdok.
Ko’p arab davlatlarida bo’lgani kabi Amirliklarda ham bosma matbuot, elektron vositalar va Internet kuchli nazorat qilinadi. Parijda asoslangan “Chegarasiz muxbirlar” tashkilotiga ko’ra, mamlakat so’z erkinligi bobida orqaga chekinmoqda.
O’tgan yili ikki nashriyotga tanqidiy maqolalar sabab ogohlantirish berilgan. Hukumat idoralarida matbuotga uzatiluvchi axborotni tekshiruvchi mas’ullar tayinlangan.
Parlamentda esa axborot vositalari faoliyatiga doir qonun loyihasi ma’qullandi. Unga muvofiq, mamlakat rahbarlarini tanqid qilgan, iqtisodiyotga zarar keltirishi mumkin bo’lgan yolg’on xabarlarni tarqatgan, milliy an’ana va qadriyatlarni oyoq osti qilgan muxbirlarga bir million dollargacha jarima solinadi. Qonun kuchga kirishi uchun prezident imzosidan o’tishi kerak.
Birlashgan Arab Amirliklari Jurnalistlar uyushmasi raisi Abdulla Rashidning aytishicha, mahalliy jurnalistlar vaziyatdan tashvishda.
“Bunday sharoitda ishlab bo’lmaydi. Iqtisodiyot, siyosat va boshqa jabhalarda yutuqlarga erishsagu, matbuot sohasida chekinsak”, - deya afsuslanadi Abdulla Rashid.
Mamlakatdagi Ommaviy axborot vositalari milliy kengashi bosh direktori Ibrohim al-Obid o’zgacha fikrda. Uning aytishicha, Amirliklarga aynan shunday qonunlar kerak.
“Ba’zilar osmonda uchib yurishni yaxshi ko’radi. Axir biz benuqson, kamolot dunyosida yashayotganimiz yo’q. Jahondagi vaziyat shundayki mamlakatimiz, iqtisodiyotimiz, madaniyat va an’analarimiz, matbuotimizni yolg’on-yashiq va ig’volardan himoya qilishga majburmiz”, - deydi al-Obid.
Amaldagi cheklovlarga qaramay, amerikalik ishbilarmon Rupert Murdok Yaqin Sharqda biznesini kengaytirmoqda. Uning “Nyus” korporatsiyasiga qarashli “Foks” xalqaro kanallari Abu-Dabida yangi loyiha boshlamoqda.