AQSh-Saudiya aloqalari o'tgan asrning 30-yillariga borib taqaladi. AQShga qarashli kompaniyalar u yerda neft topgach, rishtalar yanada kuchaygan.
Sovuq Urushi davrida Saudiya Arabistoni AQShning muhim ittifoqchisi sifatida ko'zga ko'ringan. Obamaning qirolikka tashrifi munosabatlarni yangi pog'onaga olib chiqishga, Eronning mintaqadagi ta'siri va yadro dasturi, arab-Isroil mojarosi va global iqtisodiy krizisni muhokama qilishga qaratilgan.
Saudiyaning hozirgi qiroli Abdulla hokimiyat tepasiga 2005 yil avgustida, qirol Fahd vafotidan so'ng kelgan. Abdulla xalq xizmatidagi islohotlar tarafdori bo'lgan inson sifatida tanilgan.
Hokimiyatga kelganidan beri al Qoida terrorchilariga qarshi kurashni kuchaytirgan.
Uning aytishicha, terrorchilardan iborat kichik guruh qirollikning boshqa davlatlar bilan munosabatiga ziyon yetkazib, islom va musulmonlar sha'niga dog' tushirmoqda.
"Ularga qarshi kurashib, yengish va davlatlar bilan sog'lom manfaatlar asosida aloqa qilish bizning zimmamizda," deydi qirol.
Yaqin Sharqda tinchlik uchun Karnegi markazi direktori Pol Salemning aytishicha, qirol Abdulla arab va musulmon dunyosida katta hurmat va e'tiborga sazovor va shu bois unda AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashga imkoniyat baland.
"Qirol islom dunyosida yuqori martabaga ega bo'lishdan tashqari, musulmon davlatlarining eng yirik tashkiloti - Islom konferensiyasi tashkiloti Jiddada joylashgan. Musulmonlar uchun eng muqaddas Makka va Madina shaharlari ham Saudiya Arabistonida joylashgan. Obamaning musulmon va arab dunyosi bilan aloqalarni yaxshilashga qaratilgan siyosatida qirollik muhim rol o'ynaydi," deydi tahlilchi.
Pol Salem nazarida iqtisodiyot va xavfsizlik masalalari ham ikki rahbar uchrashuvi markazida bo'ladi.
"Fors ko'rfazidagi masalalar - xavfsizlik, neft, Eron bilan ziddiyatlar - bularning barchasi muhokama etiladi. Arab-Isroil mojarosi va Saudiya Arabistonining bu boradagi roli, global iqtisodiy inqiroz haqida gaplashiladi," deydi mutaxassis.
Saudiyada chiqadigan ingliz tilidagi "Arab Nyus" kundalik gazeta muharriri Xolid al-Maina fikricha qirollik Obamadan ba'zi narsalarni kutmoqda.
"Saudiya Arabistoni AQShdan bir tomonlama tashqi siyosat yuritmaslikni, Yaqin Sharq, Falastin, Forz ko'rfazi va Pokistonga aniq siyosat bilan yondashishini istaydi," deydi al Maina.
Saudiya xalqi esa, deydi u, Obamaning Bush ma'muriyati xatolarini takrorlamasligini, qirollik bilan ish qilganda xalqini e'tibordan qoldirmaslikni istaydi.
"Bush ma'muriyatining xatosi shundan iborat ediki, asosan neftdan boyigan shayxlar va shahzodalar bilan ish yuritilar edi, biroq omma istagi, intilishlari va maqsadi nazarga ilinmas edi. Ularga terrorchilar yorlig'i yopishtirilgan edi. Xalq xo'jayinlar emas, do'stlarga ega bo'lishni xohlaydi. Va Obama buni anglashi lozim," deydi arab jurnalisti.
Qirol Abdulla juda ham dono inson, deydi u.
"Qirol Abdulla kamgap, ammo har bir so'zi oltinga teng. Obama arab siyosatini yaxshi biladigan, xalqqa g'amxo'rlik qiladigan bu odamga quloq solib, undan saboq olishi kerak," deydi u.
Obamaning qirol bilan uchrashuvi Isroil diqqat markazida ham bo'ladi.
Tel-Avivdagi tahlil markazi xodimi Meir Javedanfarning aytishicha, Isroil Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Misrdan Eronga qarshi foydalanmoqchi.
"Isroil nazarida Amerika-Saudiya aloqalari qanchalik puxta bo'lsa, Amerika qirollikni Eron ta'siriga qarshi chora ko'rishga shunchalik undashi mumkin."