Breaking News

Isroil harbiylarini urush jinoyatlari ayblovidan himoya qiladi


Isroil G’azodagi urushda ishtirok etgan harbiylarini urush jinoyatlariga oid ayblovlardan himoya qilishini bildirmoqda. Shu maqsadda Isroil Adliya vaziri Daniel Fridman boshchiligida maxsus qo’mita tuzilgan.

O’tayotgan haftada BMT mutaxassislari Isroilni G’azoda himoyasiz aholiga qarshi urush ochganlikda ayblab, xalqaro tergov haqida so’z ochgan edi.

Diplomatik manbalarga ko’ra, Barak Obamaning Yaqin Sharq masalalari bo’yicha maxsus vakili Jorj Mitchell kelasi hafta mintaqaga safar qilib, Isroil va Falastin rahbarlari bilan muloqotda bo’ladi. Uning vazifasi - Isroil va Xamas o’rtasida sulh davomiy bo’lishini ta’minlash.

Ayni damda Qohirada Xamas vakillari bilan shu maqsadga qaratilgan muzokaralar ketmoqda. O’tgan yili 6 oylik sulhga vositachilik qilgan Misr razvedkasi rahbari Umar Sulaymon har ikki tomon bilan aloqada.

Misr Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Husam Zakining tushuntirishicha, jarayon bir necha bosqichdan iborat. Dastlab Isroil va Xamas orasida uzoq muddatli sulh imzolash, G’azo chegarasini, xususan Rafah nazorat punktini ochish, so’ng ikki raqib guruh – Xamas va Fatxni birlashtirib, yangi koalitsion hukumat tuzish haqida so’z ketmoqda.

Xamas muloqotga qarshi emas, biroq prezident Mahmud Abbos boshchiligidagi Fatx guruhi barcha falastinliklar xohish-istagini aks ettiradi degan gaplarni rad etadi.

Isroil, o’z navbatida, Misrdan G’azoga qurol-aslaha kontrabandasiga chek qo’yishni hamda 2006 yilda Xamas tomonidan o’g’irlangan askari Gilad Shalitning ozod etilishini talab qilyapti.

XS
SM
MD
LG