AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Yaqin Sharq
tinchlik jarayonini tezlatish maqsadida mintaqaga safar qilgan. Rays Isroilning Sharqiy Quddusda
qo’shimcha posyolkalar qurayotganidan norozi.
Rays Isroil va Falastin rahbarlari bilan alohida uchrashgan. U
Isroilning oldingi kelishuvlarga rioya qilmay tinchlik jarayoniga xavf
solayotgan siyosatini keskin tanqid qilgan. Isroil falastinliklar tomonidan
kelajakdagi davlatining poytaxti deb ko’rilayotgan Sharqiy Quddusda 1,300 ta
yangi uy qurilishi haqida ma’lum qilgan. Isroil matbuotiga ko’ra, hukumat
kelasi o’n yil ichida Quddusda 40-mingga yaqin uy-joy qurmoqchi.
"Bunday qaror va siyosat muzokaralarga salbiy ta’sir qilmoqda. Muzokaralarga
ziyon yetkazish emas, ularni rag’batlantirish kerak," deydi Rays.
Rays bilan uchrashuvdan so’ng matbuot anjumanida ishtirok etgan Falastin
prezidenti Mahmud Abbos tarjimon orqali so’zlar ekan, qurilishlar o’zaro
kelishuvlarga zid degan.
"Bu siyosiy tashabbuslar yo’lidagi eng katta g’ov," deydi u.
Isroil Quddusning istalgan joyida uy qurishga haqli ekanini aytib, tinchlik
bitimi imzolangach, Quddus yahudiy davlatining poytaxtiga aylanadi demoqda.
"Barchamiz tinchlikka intilyapmiz. Yil oxirigacha Falastin davlatining barpo
etilishiga asos soluvchi bitim imzolanadi deb o’ylayman," deydi Rays.
Mutaxassislar fikricha bunga erishish borgan-sari qiyinlashib bormoqda, chunki
posyolkalardan tashqari tomonlar falastinlik qochqinlar taqdiri va Quddus
maqomi bo’yicha ham kelisha olmayapti.
Isroil Bosh vaziri Yahud Olmert esa unga mamlakat ichida qo’yilayotgan
ayblovlar tufayli o’z lavozimidan ayrilishi mumkin. Bu esa muzokaralarni
cho’zib yuborishi mumkin.