Breaking News

G'arb va Yaqin Sharq adovatini tahlil qiluvchi yangi kitob


G’arb va musulmon dunyosi o’rtasidagi adovat va ishonchsizlik tagida nima yotibdi? Muammoga qanday yechim topish mumkin? Mazkur savol va javoblarni o’z ichiga olgan yangi kitob – “Amerikalik Raja: Ozodlik yoki hukmronlik” deya nomlangan.

Muallif Erik Margolis uzoq yillar davomida Yaqin Sharqda muxbirlik qilgan, xalqaro siyosat bo’yicha tahlilchi. “Asarim taklif qilayotgan yo’llar G’arb va musulmon dunyosi orasida yangi ko’prik yaratishga xizmat qiladi, deydi u.

Kitobning Amerika rajasi deya nomlanishi 19-20 asrda Britaniyaning Hindistonni mustamlaka qilish jarayoniga bog’liq. Muallif musulmon dunyosiga majoziy sayohat qilib, siyosat, madaniyat va xalq turmushiga nazar tashlaydi.

Maqsadim, deydi Erik Margolis, "amerikaliklarga nima uchun musulmon dunyosi AQShga nisbatan salbiy kayfiyatda ekanini tushuntirish". Muallifga ko'ra, uzoq yillar davomida buning sababi arab-Isroil mojarosi va uning Amerika tomonidan noxolis baholangani bo’lsa, bugungi kunda Iroq va Afg’onistondagi urushlar musulmonlar sabr kosasini to’ldirgan.

"Mazkur ziddiyatlar zaminida ko’plab sabablar bor. Eng asosiysi – AQSh va G’arbning, xususan Fransiya va Britaniyaning musulmon dunyosidagi nodemokratik rejimlarni qo’llab-quvvatlashi. Falastin mojarosi hal etilsa, G’arbga nisbatan adovat 40-50 foizga kamayadi deb o’ylayman", - deydi u.

Shunday davr bo’lganki, deydi Margolis, AQShning mintaqada olib borayotgan siyosati namunali deya baholangan. 1950-yillardagi prezident Duayt Eyzenxauer ma’muriyatini olaylik. O’sha paytda musulmon dunyosi AQShni Yevropa mustamlakachilik kayfiyatiga qarshi kuchdek qabul qilgan.

Keyinchalik vaziyat chigallashib ketib, Eyzenxauer ogohlantirganidek, AQSh hukumatlari harbiy sanoatchilar ta’siri ostiga tushib qolgan. Natijada AQShning Yaqin Sharqdagi siyosati o’zgarib, ma’muriyatlar birin-ketin diktatorlik rejimlari va Isroilni qo’llab-quvvatlay boshladi.

"Buning oqibatida butun G’arb dunyosi baloga qoldi. 11 sentyabr voqealariga ham shu narsa sababchi. Agar AQSh siyosatini tubdan o’zgartirib, o’zi targ’ib qilayotgan qadriyatlar, jumladan haqiqiy demokratiyaga o’zi rioya qilmasa, musulmonlar nafrati oshib boraveradi", - deydi Margolis.

Ayniqsa terrorga qarshi urush siyosati qayta ko’rib chiqilishi lozim. Siyosatchilar shuni tushunishi lozimki, zo’ravonlikni targ’ib qiluvchi guruhlar amerikaliklar va ularning qadriyatlarini yomon ko’rgani uchun emas, balki uning mintaqada mavjud harbiy salohiyati va harakatlaridan bezib ketgani uchun AQSh manfaatlariga qarshi kurashmoqda.

Ijobiy qadamlar sifatida esa, deydi Margolis, Qo’shma Shtatlar Isroil-arab tinchlik bitimining imzolanishiga yordam berishi, Iroq va Afg’onistondan qo’shinlarini chiqarishi va musulmon dunyosiga ancha do’stona munosabatda bo’lishi kerak.

"Musulmon dunyosida zulukdek o’rnashib olgan diktatorlarni quvvatlashni bas etish kerak. Erkin va xalq xohishiga tayangan saylovlarni o’tkazishni targ’ib qilaylik. Xalqlar Xamas kabi islomiy guruhlarni saylasa, buni qabul qilishimiz kerak. Demokratiya mana shunaqa bo’ladi. Sizga yoqmagan odamlarni taq’ib qilmasdan, ularga chidab, quloq solish haqiqiy demokratiyadir", - deydi Margolis.

“Amerikalik Raja: Ozodlik yoki hukmronlik” kitobida Erik Margolis, AQShni musulmon dunyosida mavjud demokratik institutlarni quvvatlashga chaqiradi. Sivilizatsiyalar to’qnashuvini targ’ib qiladigan guruhlarni tanqid ostiga olar ekan, Margolis ziddiyat bo’lishini oldindan belgilab do’stlik taklif qilib bo’lmaydi, deydi. Biroq musulmonlarning o’zida ham gap ko’p.

Muallif nazarida ular zo’ravonlik ruhiyatidan chekinib, o’z dardi va muammolarini muloqot orqali yetkazib bersa biron bir salmoqli natijaga erishsa bo’ladi.

XS
SM
MD
LG