Breaking News

Musulmon saylovchilar Barak Obamaga ovoz beradi


Amerika bo’ylab o’tkazilgan so’nggi ijtimoiy so’rovlarga ko’ra, bu yerda yashovchi musulmonlarning aksariyati yaqinlashib kelayotgan prezident saylovlarida demokrat Barak Obamaga ovoz bermoqchi.

AQShda taxminan 6-8 millonni tashkil etuvchi musulmonlar ichki siyosatda ko’proq iqtisodiyot, sog’liqni saqlash, ish bilan ta’minlash va ta’lim mavzulariga qiziqadi.

Mamlakat iqtisodi tang ekani va Bush ma’muriyatiga nisbatan ishonchsizlikning oshishi musulmonlarni demokratlar tomon o’tishiga sabab bo’lmoqda.

“Odatda respublikachilarga ovoz berib keladigan arablar, Bush ular ishonchini oqlay olmagach, raqib partiyani ma’qul ko’rmoqda”, - deydi ular fikrini o’rgangan ilmiy tashkilot rahbari Jeyms Zogbi.

2000 yilgi prezident saylovlarida arab-amerikaliklarning 44 foizi Jorj Bushga ovoz bergan bo’lsa, 38 foizi Al Gorni quvvatlagan edi. Biroq bu yilgi so’rovlarga ko’ra, ayni damda Obama 54 foiz musulmon saylovchilarning ko’ngliga yo’l topa olgan. Makkeyn tarafdorlari esa 33 foiz atrofida.

“Michigan shtatida musulmon va arab jamoasi ancha katta va ularning ovozi saylov natijalariga jiddiy ta’sir qiladi”,- deydi Jeyms Zogbi. “Virjiniya, Ogayo, Florida, Penselvaniyada ham shu ahvol”.

Iqtisodiyotning yomonlashayotgani va ishsizlik ko’rsatkichining oshishi musulmonlarni bezdirayotgan bo’lsa, tashqi siyosatda Iroq urushi va Yaqin Sharqdagi mojarolar diqqat markazida. Shu masalada ham respublikachilarning pand berishi tarozi pallasini demokratlar tomon og’ishiga olib kelmoqda. Tahlilchi Nadin Vahobga ko’ra, AQShda uch yarim millionga yaqin arab bor va ular siyosiy jihatdan juda faol.

“Bu yilgi saylovlarda musulmonlarning 80 foizi ovoz berishi kutilmoqda”, - deydi Nadin Vahob.

Demokrat kongressmen Jim Moran AQSh siyosiy hayotida arablarning roli shu kungacha bu qadar katta bo’lmagan deydi.

“Musulmonlar orasida demokratik jarayonlarga qiziqish ortgani ijobiy hol. Ular ham Amerikaning bir qismi”, - deydi kongressmen Jim Moran.

Faol arablardan biri Bassam Istvoniy “Amerika siyosatini o’zgartirishga hissa qo’shayapmiz”,- deydi.

XS
SM
MD
LG