Breaking News

Amerika yoshlari musulmonlarni faolroq bo'lishga chaqirmoqda


AQShning turli shtatlarida o’qib istiqomat qilayotgan bir guruh yosh musulmonlar yaqinda Vashingtonda yig’ilib, siyosatchilar bilan muloqot qilgan. Amerika siyosatining shakllanishida musulmonlarning roli va faollik haqida fikr almashgan.

Musulmon jamoalari bilan ishlash kengashi rahbari Salam al-Marayati, yosh musulmonlarning fuqarolik burchiga bo’lgan munosabati o’zgarmoqda, deydi. Ular davlat boshqaruvi va siyosatda ancha faollashgan.

“Hukumat idoralarini olasizmi, ommaviy axborot vositalari yoki boshqa soha bo’lsin, ko’proq musulmonlarni jalb qilishga ahd qilganmiz. Ularning tajribasi va bilimi bugungi kunda AQSh jamiyati va musulmonlar orasida mavjud muammolarga yechim topgan bo’lardi”, - deydi Marayati.

Vashingtonda shu mavzuda tashkil qilingan sammit faol va siyosatga qiziqqan yoshlarni jalb qildi. Vashington siyosatini tebratuvchi arboblar bilan ularni qiynayotgan mavzularda fikr almashdi.

Demokrat kongressmen Kit Ellison - ilk musulmon qonunchi. Bu jamiyatda har bir insonning o’z o’rni bor, deydi u.

“Amerikada musulmon jamoalari siyosiy jihatdan faollashib bormoqda. Ular mamlakat kelajagiga befarq emasligini namoyon qilib, ziddiyatli mavzular yuzasidan birgalikda yechim topishga intilmoqda.”

Musulmon yoshlar, deydi Ellison, bu jamiyatda o’zini begona his qilmasin. Ayniqsa 11 sentabrdan keyin arab va musulmonlarga nisbatan hosil bo’lgan kayfiyat ularning fuqarolik huquqlarini cheklaganday ko’rinsa ham. Musulmonlar ana shu huquqlar uchun kurashishi, chetda o’tirmay qonunchilar bilan tez-tez muloqotda bo’lishi lozim.

“Ishonch va sof niyat… mana shu xislatlarga tayanib ish ko’rilsa, aniq fikr bayon eta olinsa, musulmonlar oldida turgan to’siqlar o’z-o’zidan yo’qoladi. Musulmonlar fikr bildirish bilan birga, birovlarning fikriga ham quloq tutishni o’rganishi lozim”, - deydi qonunchi.

Talaba Eram Ibroxim asli Chikagodan. Hozirda Vashingtonda amaliyot o’tamoqda.

“Qonunchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ulardan ko’p narsani o’rganadi kishi. Meni ancha ruhlantirdi.”

Biroq, deydi Kaliforniyalik talaba Nabil al-Shurafa, hamma musulmonlar ham o’z qonunchisi bilan yuzma-yuz ko’risha olmaydi.

“Uchrashganda ham ko’plab mavzularda fikrlarimiz turli ekanini ko’ramiz. Bu tabiiy hol. Tortishamiz, murosa qilamiz, biroq o’zaro hurmat yo’qolmaydi. Shunga amal qilishga har doim intilamiz.”

Sammit maqsadlaridan biri, deydi al-Shufara, prezident saylovlari oldidan faollikni oshirish. Har bir musulmon saylovchiga nomzodlar haqida yetarlicha ma’lumot berish, pozitsiyalarini tushuntirish.


XS
SM
MD
LG