Breaking News

Fath, Xamas birlashmoqchi, AQSh “shoshmang” deydi


Fath va Hamas kelasi hafta rasman hujjat imzolamoqchi
Fath va Hamas kelasi hafta rasman hujjat imzolamoqchi

Falastinning raqib Fath va Xamas guruhlari nihoyat til topishgan bir paytda Obama ma’muriyati sergak tortib qolgan.

Falastin ma’muriyatiga yordamni qayta ko’rib chiqish haqida o’ylanmoqda. Ayrim qonunchilar ko’makni butunlay tugatish kerak, deydi.

AQSh Davlat departamentining bildirishicha, amaldagi dasturlar hozircha davom etadi. Falastin prezidenti Mahmud Abbos boshliq, G’arbga xayrixoh Fath partiyasi va G’azo sektoriga hukmron Xamas o’rtasida erishilgan bitim tafsilotlarini ko’zdan kechirayapmiz, deydi departamenti so’zlovchisi Xayde Bronk Fulton.

Xamas yetakchisi Ismoil Haniya
Xamas yetakchisi Ismoil Haniya

Uning aytishicha, har yili Abbos ma’muriyatiga atab 400 million dollar ajratib kelinadi.

Xamas va Fath shu hafta boshida ittifoq tuzishga doir hujjatni imzolagan edi.

Radikal kayfiyatdagi Xamas AQSh ittifoqchisi sanalmish Isroilni dushman deb bilib, uni davlat sifatida tan olishdan bosh tortadi. G’azoda hukmron bu guruh zo’ravonlik siyosati va Isroilga qarshi xatti-harakatidan kechmasa, deydi Amerika rasmiylari, Xamas-Fath ittifoqi xalqaro yordamda salbiy aks etishi mumkin. Jumladan, AQShdan borayotgan mablag’da ham.

Amerika fuqarolari to’lagan soliq evaziga jo’natilayotgan bu pul Qo’shma Shtatlar va uning hamkori Isroilga tahdid solayotgan guruhga nasib qilmaydi, deydi ular.

Amerika Kongressi a’zolari nazarida Falastin ma’muriyati “xatarli, zo’ravonlik va ektremizmni hamroh etib tanlamoqda”. AQShlik bir necha qonunchi shu hafta Isroilda bo’lib, Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bilan ham bu masalada gaplashgan. Netanyaxu fikricha, Falastin ma’muriyati yo Isroilni, yo Xamasni tanlashi kerak bo’ladi.

Isroil va Falastin uzoq yillardan beri muzokara qilib, bo’lajak Falastin davlatini yaratish masalasida kelisha olmaydi. Muloqotda Xamas ishtirok etmaydi. O’tgan yili prezident Mahmud Abbos “Isroilning roziligi kerakmas, xalqaro hamjamiyat ruxsati kifoya” deya muammoni BMT muhokamasiga olib chiqqan edi.

AQSh qonunchilari nazarida Abbos Xamas bilan bitimni ham, BMTga murojaat haqida ham jiddiy o’ylab, ish ko’rishi kerak.

Mahmud Abbos
Mahmud Abbos

Mahmud Abbos “xavotirga hojat yo’q, Isroil bilan murosa qilishdan manfaatdormiz”, deya javob qiladi.

Xamas va Fath 2007 yildan beri tarqoq va o’shandan beri G’azo sektori Xamas qo’lida. Fath esa Iordan daryosining g’arbiy sohilida hukmron. O’rtada esa Isroil joylashgan.

Falastin ahli orasida ikki guruh erishgan murosa haqida fikrlar turlicha. Ba’zilar kuch birlikda, deydi.

Boshqalar esa “Fath va Xamas oldin ham kelishdik, deb jar solgan” deydi. Lekin bu tashabbuslar ko’pga yetmagan.

“Bir-biridan o’ta farq qiladigan bu guruhlar qanday qilib murosa qilmoqchi?” - deya so’raydi ular. Fath Isroil bilan gaplashishga rozi, Xamas nizomida esa yahudiy davlatini yo’q qilish haqida band bor.

Lekin g’arbiy sohilda ham, Isroil blokadasida yashayotgan Ga’zoda ham aholi qashshoqlik, siyosiy ziddiyatdan to’ygan. Ular namoyish qilar ekan, Xamas va Fath xalq talabiga ko’nishi shart.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG