Breaking News

G'azo blokadasiga qarshilik kuchayib bormoqda, ammo falastinliklar tarqoq


Eron Qizil Yarimoy Jamiyati rahbari Abdulrauf Adibzodaning aytishicha, mamlakat G’azo sektoriga katta miqdorda insonparvarlik yordami yubormoqchi va Isroil bunga qarshilik qilmaydi degan umidda.

Eron yuk kemalarini Inqilobiy Gvardiya kuzatadi va himoya qiladi. Shuningdek, Eron Misr-G’azo chegarasiga 30 tonna tibbiy ashyo ham yetkazishni maqsad qilgan. Lekin Eron Misr bilan diplomatik aloqaga ega emas.

Isroil o’tgan hafta G’azoda Turkiya boshchiligida olib ketilayotgan yordam kemalariga qilingan hujumni o’zi tergov qilishga kirishmoqda.

Mudofaa vaziri Exud Barakning parlamentga bayon qilishicha, maqsad bu operatsiya va umuman G’azo blokadasi xalqaro qonunlarga zid yoki zid emasligini aniqlash. Isroil o’z xatti-harakatlarini o’zi baholaydi, deydi u.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun voqea xalqaro hamjamiyat tomonidan tekshirilishi kerak degan talabni qo’ymoqda, ammo Isroil bunga rozi emas.

31 may kuni Isroil maxsus kuchlari gumanitar kemaga hamla qilganida Turkiyaning 9 fuqarosi o’ldirilgan. O’tgan shanba kuni Isroil G’azoga ketayotgan yana bir kemani qo’lga olgan.

Yahudiy davlatiga nisbatan qarshilik kuchayib bormoqda. Quddusda namoyishlar avjida ekan, AQSh falastinliklarga erkinlik talab qilib chiqqan bir fuqarosi taqdiri yuzasidan xavotir bildirmoqda.

Isroil xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarata ko’zni yoshlantiruvchi modda sepganida 21 yoshli Emili Xenoshovitz qattiq jarohat olgan. Bir ko’zi umuman ko’rmay qolgan. Vashington Isroildan voqeani tergov qilishni so’ramoqda.

G’azo sektori qamali Yaqin Sharq mojarosidagi asosiy masala bo’lib qolmoqda. Blokadani buzishga harakat qilganlar aksariyat hollarda o’ldiriladi.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos ertaga Oq Uyda prezident Barak Obama bilan uchrashadi. Falastinliklar esa nafaqat Isroil siyosatidan, ammo o’z rahbarlaridan ham to’yganini aytmoqda.

Asad G’anim, ziyolilardan biri fikricha Falastin prezidenti Mahmud Abbos butun xalq manfaati uchun kurashayotgan yetakchi emas. Abbos Falastin davlatiga asos solmoqchi, ammo u faqat Iordan daryosining g’arbiy sohilida yashovchi odamlar ravnaqini o’ylamoqda. Lekin Isroilda yashayotgan falastinliklar taqdiri-chi? Ular o’z vatanida qochqin sifatida qolmoqda deya kuyunadi u.

Mayin Rashid Arikat, Falastin boshqaruvining Vashingtondagi vakili. Uning nazarida mustaqil davlatga ega bo’lish falastinliklardan tinchlik tarafdori ekanini isbotlashni talab qilmoqda.

“Qachongacha avtobus va restoranlarni portlatishda davom etamiz? Undan nima naf?”- deya so’raydi Arikat. “Isroil bosib olgan yerlarini tark etishi kerak, ammo bunga xunrezlik yo’li bilan erisha olmaymiz”,- deydi u.

Asad G’anim Falastin xalqi vakillari qayerda yashayotganiga qaramay, birlashishi kerak, bundan boshqa yo’l yo’q deydi. “Xamas va boshqa hukmron guruhlar o’rniga demokratik bir rahbar saylashimiz kerak”,- deydi u.

Rashid Arikat nazarida esa amaldagi rahbarlarni o’zgartirish yoki ularga muqobil yetakchilar saylashga chaqirish xavfli. “O’zi hozirgi rahbariyatga zo’rg’a erishdik”,- deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG