Breaking News

Netanyaxu Obamaga: Isroil 1967 yilgi chegaraga qaytmaydi


Netanyaxu Obamaga: Isroil 1967 yilgi chegaraga qaytmaydi
Netanyaxu Obamaga: Isroil 1967 yilgi chegaraga qaytmaydi

AQSh va Isroil rahbarlari Yaqin Sharq tinchlik jarayoni yuzasidan bugun Oq uyda o’tkazgan muloqot natijasiz yakunlangan.

Prezident Barak Obama kechagi nutqida “Isroil hukumati 1967 yilda bosib olingan yerlarni qaytarishi zarur, uzoq yillik mojaroni shu yo’l bilan hal qilish mumkin”, deb ta’kidlagan edi.

Davlatchilik orzusida yurgan Falastinga taklif ma’qul, ammo Isroilda keskin norozilik uyg’otgan.

Barak Obama bilan uchrashgan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu “yon bosishlarga tayyormiz, lekin 1967 yilgi chegaraga qaytmaymiz”, dedi.

AQSh rahbari, o’z navbatida, ikki ittifoqchi davlat o’rtasida tavofutlar borligini tan oldi.

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi qo’zg’olonlarga bag’ishlangan nutqida Obama Isroil va Falastinni yer almashib, ikki davlat chegarasini aniq belgilab olishga chaqirgan edi.

“Isroil bilan mustahkam do’stligimiz haqqi hurmati, bor gapni aytish kerak: oldinga siljish vaqti-soati yetdi, Isroil hukumati tinchlik sari shahdam qadam tashlasin”, - deydi u.

Yaqin Sharq To’rtligi – Yevropa Ittifoqi, Rossiya, BMT va AQShdan iborat vositachi guruh Obamaning tashabbusini olqishlagan.

Biroq falastinliklar G’azo sektorida hukmron Xamas guruhi bilan yaqinda ittifoq tuzgan. Jangari guruh yahudiy davlatini tan olmaydi.

“Falastin tomon yo Xamasni, yo Isroil bilan tinchlikni, ikkisidan birini tanlashi kerak”, - deydi Benyamin Netanyaxu.

Shu hafta Isroil hukumati Quddus sharqida, 1967 yilda bosib olingan yerlarda yana 1600 imorat qurishini e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG