Dushanba kungi qonli to’qnashuvdan keyin Isroilga qarashli Golan tepaliklari va Suriya chegarasida hamon o’nlab faollar, yahudiy askarlarni ko’rish mumkin.
Suriya matbuoti xabariga ko’ra, namoyishchilar chegaraga yaqinlashgach, Isroil armiyasi o’t ochib, kamida 20 kishi, jumladan o’smir va ayolni o’ldirgan. 325 odam jarohatlangan.
Isroil harbiylari esa bu raqamlar bo’rttirib ko’rsatilgan, deydi.
Chegaradan o’tishga harakat qilgan 10 kishi mina portlab, jon bergan, deya ta’kidlaydi ular.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun voqeadan xavotirda. U zo’ravonlikni tanqid qilib, tomonlarni bosiqlikka undagan.
Isroil rasmiylarining aytishicha, og’zaki ogohlantirish va havoga qarata o’q uzilgach ham suriyalik o’nlab namoyishchi chegara tomon yura boshlagan. “Oyoqlariga o’q uzildi, boshqa iloj qolmagan edi”, - deydi ular.
Yahudiy davlati izohi shuki, Suriya hukumati chegaraga odam yuborib, atayin to’polon ko’targan va shu tariqa prezident Bashar al-Assadga qarshi qo’zg’olondan e’tiborni chalg’itmoqchi.
Hukumat ruxsatisiz Suriya chegarasiga yo’lash man qilingan.
G’arbiy sohildan Quddusga kiraverishda esa falastinlik yuzlab yoshlar Qaladiya o’tish punktida to’planib, Isroil askarlari bilan olishgan. Politsiya rezinali o’q va ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llagan.
Namoyishlar 1967 yilgi arab-Isroil urushidan 44 yil o’tishi munosabati bilan avj olgan.
Olti kunlik urush natijasida Isroil Suriyadan Golan tepaligini, Iordaniyadan G’arbiy sohil va Sharqiy Quddusni, Misrdan esa G’azo va Sinay yarim orolini tortib olgan.
1979 yilgi sulh ketidan Isroil Sinayni Misrga qaytarib, 2005 yilda G’azodan qo’shinlarini olib chiqqan.
O’tgan oy ham falastinlik minglab fuqaro Suriya va Livan tomondan Isroil chegarasini kesib o’tishga uringan.
Bu chiqishlar Isroil davlati paydo bo’lgan sana - 1948 yil 14 mayini xotirlab tashkil qilingan edi.
Joriy yilning sentabrida arablar Falastin mustaqilligi masalasini BMT muhokamasiga olib chiqmoqchi.
Namoyishlar qaysidir ma’noda mana shu muhim sana oldidan targ’ibot rolini o’tamoqda.