Breaking News

Suriyaning dushmaniga aylangan faol fuqarolar


Suriyada hukumatning harakatlari har qanday qo’rquvni unutishga majbur qilmoqda.
Suriyada hukumatning harakatlari har qanday qo’rquvni unutishga majbur qilmoqda.

Huquq himoyachilarining aytishicha, Suriyaning isyonkor Hama shahriga tanklar va askarlar kirib, namoyishlarni shafqatsizlarcha bosishda davom etmoqda.

Bugun o’lganlar haqida aniq ma’lumot yo’q, shaharda aloqa tizmi uzib qo’yilgan.

Hafta boshidan beri Suriyadagi olishuvlarda kamida 130 fuqaro o’lgani aytiladi, xususan, Hama shahri eng ko’p talofat ko’rgan. Dushanbadan buyon majlis qilayotgan BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya hukumatiga qarshi chora ustida ishlayapti.

Shu paytgacha qarshilik qilib kelgan, veto huquqiga ega Rossiya kecha prezident Bashar al-Assad ma’muriyatini qoralovchi rezolyutsiyani qo’llashini ma’lum qilgan.

Biroq Kreml nazarida ham hukumat, ham muxolifat tanqidga munosib.

Suriya qonli olishuvlar domida ekan, xorijda yashovchi fuqarolar xalqni yoqlab chiqmoqda. Chikagoda, masalan, suriyalik muhojirlarning katta jamoasi yashaydi.

Yaqin-yaqingacha chikagolik advokat Yosir Tabbarani asl vatani Suriyada quchoq ochib kutib olishar edi. Suriya ta’lim tizimini isloh qilishda yordam bergan u. Lekin bugun u dushman.

“Suriya matbuoti meni Amerikaning josusi, sotqin deb biladi”, - deydi u.

Yosir Tabbara prezident Bashar al-Assad ma’muriyatiga qarshi da’vatlari, xalqaro hamjamiyatga murojaatlari uchun shu tarzda siylandi. Yosir BMT Xavfsizlik Kengashiga chiqib, Assadni qoralab rezolyutsiya tuzishni so’radi. Bu ishni Xalqaro Jinoiy Sud muhokamasiga olib chiqib, Assadni insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblamoqchi.

“Xalqaro hamjamiyat Bashar al-Assad ma’muriyatiga qarshi birlashib, uning qo’nxo’r siyosatini tugatsa, iqtisodiy, diplomatik va siyosiy choralarini ishga solib, uni yakkalab qo’ysa, xalq ham ruhlanib, astoydil kurashadi va g’alaba qozonadi”, - deya izohlaydi faol.

Advokat va huquq himoyachisi Yosir Tabbara
Advokat va huquq himoyachisi Yosir Tabbara

Illinoys universiteti professori, siyosatshunos Yusuf Sarfatiy fikricha, Suriyaning o’zida qo’zg’alish bo’lmasa, chetdan urinishning foydasi yo’q.

“Eng muhimi – ichki jarayonlar. Suriya xalqi bosh ko’tarib, haqqini talab qilib chiqmas ekan, hukumatni titratmas ekan, mamlakatda o’zgarish bo’lishi gumon”, - deydi professor.

Lekin, deydi Yusuf Sarfatiy, chet davlatlari qo’llab-quvvatlasa, Suriya ahlining o’ziga ishonchi ortadi.

“Suriya ham Misr xalqidan o’rnak olib, xuddi o’sha yo'ldan borishi kerak. To’g’ri, xalqaro hamjamiyat qo’llab-quvvatlovi bo’lgani yaxshi. Chet eldan gumanitar, boshqa yordam olish mumkin. Texnolgiya uchun, masalan. Texnologiya orqali birlashib, xorijdan ham tarafdor izlab topsa bo’ladi. Mana shu kabilarda chetga tayanish mumkin”, - deya tushuntiradi olim.

Chikagolik shifokor Ammar Bayroqdorning vazifasi aynan shundan iborat. U internetdagi ommabop sahifalarga kirib, suriyaliklarni quvvatlaydi, axborot tarqatadi.

“Hammasini aytib berolmayman-u, lekin, misol, namoyishchilarga kichkina kamera bera oldik. Quloqqa taqiladigan, “naushnik”ka o’xshaydi. Bemalol videoga olib yurasiz, askarlar sezmaydi. Har holda, dunyo ahli ko’rib turibdi, nima bo’layotganini”, - deydi shifokor.

Ozod Suriya orzusi
Ozod Suriya orzusi

Doktor Bayroqdor Chikagodagi eng yirik suriyaliklar jamoasi a’zolaridan. Hukumatni tanqid qilib, namoyishlar uyushtirish Suriya xalqiga umuman xos emas, deydi u.

“Bizning xalq hech vaqt siyosatga burun suqqan emas. Shunaqa qilib tarbiyalashgan, afsuski. Qo’shma Shtatlarga ko’chib kelgach, demokratiya, ozodlik, so’z va fikr erkinligi nima ekanini bildik. Lekin eski qo’rquv hali ham bor. Amerikada biror ish qilib qo’ysak, Suriyadagi oilamiz, yaqinlarimizga biror kor-hol bo’lishi, o’zimiz uyga qaytgach, jabr ko’rishimiz mumkin”, - deydi doktor.

Lekin Suriyada hukumatning harakatlari har qanday qo’rquvni unutishga majbur qilmoqda. Yaqinda Chikagoda Assad ma’muriyatiga qarshi namoyishda 500 dan ziyod odam qatnashdi. Fuqaroning sabri tugab bormoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG