Breaking News

Suriyada AQSh elchixonasiga hujum qilindi


AQSh elchixonasi binosi, Damashq, 11-iyul, 2011-yil
AQSh elchixonasi binosi, Damashq, 11-iyul, 2011-yil

Bugun Suriya poytaxti Damashqda hukumatga xayrixoh odamlar AQSh elchixonasi binosiga hujum qilgan. Xususan, oynalarni sindirib, elchixona hududiga kirgan, Suriya bayrog'ini tikib, bino devorida AQShga qarshi yozuvlar qoldirgan.

AQSh Davlat departamenti bayonotida Suriya xavfsizlik kuchlari bezorilar harakatiga ko'z yumgani ta'kidlanadi. AQSh elchisining uyiga ham hujum uyushtirilgani aytilmoqda.

AQSh rasmiylari Vashingtonda Suriya bosh diplomatiga norozilik notasini topshirishi kutilmoqda.

Xabarlarga ko'ra, olomon Fransiya elchixonasi yonida ham namoyish qilgan. Elchixona soqchilari havoga o'q otib, ularni tarqatishga muvaffaq bo'lgan.

Qo'shma Shtatlar Suriya davlat televideniyesini haloyiqni elchixonalarga qarshi gijgijlatganlikda ayblamoqda. AQSh elchisi Robert Ford va Fransiya elchisi Eric Shevalye o'tgan hafta Hama shahriga borib, hukumat kuchlari bosimiga uchragan namoyishchilarga hamdardlik bildirgan edi. Suriya hukumati diplomatlar harakatlarini "mamlakat ichki ishlariga aralashish" deya baholagan.

Bu o'rtada Suriya qurolli kuchlari Hims shahriga bostirib kirib, bir kishini o'ldirgan, 20 odam jarohat olgan.

Damashqda esa siyosiy islohotlarga bag'ishlangan muloqotning ikkinchi kuni o'tmoqda. Ayrim muxolifatchilar va ziyolilar unda qatnashmoqda, biroq ko'zga ko'ringan dissidentlar namoyishchilarga qarshi tazyiqlarga norozilik bildirib, anjumanni boykot qilgan.

Kecha muloqotning ilk kunida ayrim notiqlar xavfsizlik kuchlarining namoyishchilarga qarshi kuch ishlatganini qoralagan. Boshqalar nazarida esa xorijiy provokatorlar mamlakat tinchini buzishga harakat qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG