Politsiya va armiya bosimiga qaramay, Suriyaning qator shaharlarida odamlar yana namoyishga chiqib, prezident Bashar al-Assad iste’fosini talab qilgan.
Ularni tarqatishga kirishgan huquq-tartibot xodimlari taxminan 11 kishini otib o'ldirgan.
Faollarning aytishicha, juma namozidan keyin poytaxt Damashq tevaragi, notinch Hims shahri, Latakiya, Deraa, Hasaka viloyatida, asosan, kurdlar yashovchi tumanlarda tumonat odam yig'ilgan.
Kurdlar siyosiy erkinlik so'rab, o'zlariga qarshi kamsitish-diskriminatsiyani bas qilishni talab etmoqda.
Reyter axborot agentligining yoritishicha, politsiya ommani kaltaklab, ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llamoqda.
Kecha tundan beri olti odam nobud bo’lgani aytiladi.
Guvohlar so’zlariga qaraganda, kecha Hims shahrini tank bosib, bir necha kishi qamoqqa olingan.
O’tgan juma ham o’n minglab fuqaro isyon ko’targan, xavfsizlik kuchlari o’t ochib, 32 odam o’lgan edi.
To'rt oydan beri tinmayotgan qo'zg'olon davlatni 11 yildirki boshqarib kelayotgan Bashar al-Assad uchun qaltis sinov. U boshqaruvni otasidan qabul qilib olgan.
45 yoshli Assad isyonni xorij ig'vosi, mazhablararo adovatni avj oldirishga qaratilgan fitna deb talqin qiladi.
Biroq muxolifat javobi shuki, Assad ham 41 yildan beri hukmron bu oila, Allaviylar sulolosini himoya qilish uchun aholining aksariyatini tashkil etgan sunniylarga nisbatan do'q-po'pisa, qo'rqitish kabi usullarni qo'llab-keladi.
Regionda o'zini vositachi deb bilgan rahbar kun-sayin yakkalanib borayapti, deydi ekspertlar.