Breaking News

BMTda Suriya hukumatini qoralovchi hujjat muhokamada


Chorshanba kuni shuningdek suriyalik o’nlab fuqaro hukumat jazosidan qo’rqib, qo’shni Turkiyaga qochgan
Chorshanba kuni shuningdek suriyalik o’nlab fuqaro hukumat jazosidan qo’rqib, qo’shni Turkiyaga qochgan

Britaniya va Fransiya Suriya prezidenti Bashar al-Assad ma’muriyatini zulmda ayblab, masalani chorshanba BMT muhokamasiga olib chiqadi.

Rezolyutsiya loyihasida harbiy chora haqida gap yo’q. Rossiya bu hujjatga veto qo'yishini ma'lum qildi.

Qo’shma Shtatlar Suriya borasida alohida bir rezolyutsiyani olg’a surmoqda.

Unga ko’ra, Suriya BMT Atom energiyasi agentligi bilan hamkorlikdan bo’yin tovlab, xalqaro kuzatuvchilarni o’z yadro ob’yektlariga kiritmagan.

Seshanba va chorshanba, shuningdek, suriyalik o’nlab fuqaro hukumat jazosidan qo’rqib, qo’shni Turkiyaga qochgan.

Suriya bilan aloqasi yaqin Turkiya qochqinlarga boshpana berishga tayyor. Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an prezident Bashar al-Assadni bosiqlikka va zulmdan tiyilishga undadi.

Suriya rasmiylarining aytishicha, o’tgan hafta oxirida shimoldagi Jisr al-Shugur shahrida isyonchilar 120 askarni o’ldirgan. Assad ma’muriyati qasos haqida gapirmoqda.

Faollar esa janjal askarlar safida boshlanganini aytadi. Ayrim zobitlar odamlarga qarata o’t ochishda bosh tortib, isyonchilar tomoniga o’tgan. Natijada otishma boshlangan.

Shahar ahli ham o’zini himoya qilib, qurolni qo’lga olgan. Xorij muxbirlari kirishi man etilgani bois vaziyatni xolis baholash mumkin emas.

Avtoritar prezident Bashar al-Assadga qarshi chiqishlar kuch bilan bostirilsada, odamlar bo’sh kelmayapti. Namoyishlar Turkiya bilan chegaradosh viloyatlarga tarqalgan.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Suriyaning Fransiyadagi elchisi ishdan bo’shagan. Lekin diplomat Lamiya Shakkur buni inkor etib, kimdir uning nomidan yolg’on xabar tarqatganini aytadi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Vilyam Xeyg fikricha prezident Assad yo islohotlar boshlashi yo ishdan bo’shashi kerak. AQSh rahbari Barak Obama nazarida ham Bashar al-Assad yo demokratiya, yo iste’foni tanlashi kerak. Suriya xalqining talabi hammaga ma’lum, deydi ular.

Huquq faollari hisob-kitobicha, mart boshidan beri Suriyada 1100 odam o’lgan. 10 mingdan ziyod fuqaro qamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG