Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi Suriyada namoyishchilarga nisbatan bosim va zulm bas qilinmasa, xalqaro hamjamiyat chora ko’rishga majbur bo’ladi deya ogohlantirmoqda.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton va Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Ashton bu borada fikr almashgan.
“Suriyaning va’daboz hukumati o’z xalqiga nisbatan kuch ishlatishda davom etsa, biz ortiq qarab tura olmaymiz va yangi sanksiyalar qo’yib, rasmiy Damashqqa nisbatan bosimni oshirishga majbur bo’lamiz”, - deydi bosh diplomatlar, Vashingtonda Davlat departamentidagi uchrashuv ketidan.
Suriyada prezident Bashar al-Assad va uning ma’muriyatiga qarshi qozg’olon davom etmoqda. Hukumat uni kuch bilan bostirish qarorida qat’iy. Xavfsizlik xizmati xodimlari uyma-uy yurib, muxolifat a’zolari va ularning tarafdorlarini topib, qamoqqa olmoqda.
BMTma’lumotlariga ko’ra, otishma va to’polonlarda mart oyidan beri mingga yaqin odam o’lgan.
AQSh va Yevropa Ittifoqi Suriyaning bir necha yuqori lavozimli rasmiysiga qarshi sanksiyalar, cheklovlar joriy etgan, ammo shu kungacha prezident Bashar al-Assadga nisbatan bevosita biror chora ko’rilgan emas.
Ketrin Ashton o’tgan hafta Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid al-Muallim bilan so’zlashganida, unga “xalqaro hamjamiyatning sabr kosasi to’lib bormoqda” deya eslatgan.
“Suriya rahbariyati “o’zgarish qilamiz” deydi, lekin qilmayapti. Maqsad ezgu ekanini isbotlash kerak va buni darhol amalga oshirish kerak. Vaziyat u yerda kun sari og’irlashib borayotgani bizga ma’lum. Suriya rahbarlari hozirgi yo’lidan qaytmasa, biz tomoshabin bo’lib tura olmaymiz”,- deydi Yevropa diplomati.
“Suriya ittifoqchisi Erondan eng qabih narsalarni o’rganganini ko’rib turibmiz”,- deydi Xillari Klinton.
“O’z xalqi xohish-istagini rad etib, uning qonini to’kmoqda. Prezident Assad islohotlar haqida og’iz ko’pirtiradi, asl maqsadi esa qo’zg’olonni shafqatsiz tarzda bostirish”.
Xillari Klinton va Ketrin Ashton Vashingtondagi muloqotda Eron atom dasturini ham muhokama qilgan. Yevropa Ittifoqi bu davlatni ko’p tomonli muzokaralarga qaytarishga urinmoqda.
Islomiy respublika yaqinda Yevropa Ittifoqiga maktub yo’llab, bir necha oydan beri to’xtab qolgan muzokarani qayta boshlash uchun o’z shartlarini qo’ygan.
AQSh nazarida Eronning biror shart qo’yishga haqqi yo’q.
“Bu maktubga javobni Ashton xonim va Yevropa Ittifoqi beradi. Lekin bizning pozitsiyamiz shuki, Eron tinchlik tarafdori ekanini isbotlasin. Bu degani xalqaro hamjamiyat oldidagi burch va majburiyatlarini bajarsin. Shart qo’yishni bas qilsin, ularga biror asos yo’q”,- deydi Klinton xonim.
Eron atom dasturi va bu davlat uranni boyitishda davom etayotgani G’arbda xavotir uyg’otib keladi. Islomiy respublika yadroviy qurol yaratayotgan bo’lishi mumkin degan shubha bor.
Ketrin Ashton fikricha bu davlat hali-beri muzokara stoliga qaytmasligi mumkin. Diplomatik so’zlashuvlardan mana shu narsa ayon, deydi u.
Oxirgi marta tomonlar - Eron, AQSh, Fransiya, Britaniya, Xitoy, Rossiya va Germaniya - Turkiyada joriy yil boshida uchrashgan edi.