YAMAN
Yamanda xavfsizlik kuchlari hukumatga qarshi namoyish qilayotgan odamlar va ish tashlab ularga qo'shilgan o'qituvchilarni o'qqa tutgan. Ikki kishi o'lgan, bir nechtasi yaralangan. Muallimlar maosh oshirilishini talab qilgan. Prezident Ali Abdulla Solih iste'fosiga chaqirayotgan namoyishlarda yanvar oyidan beri 140 dan ziyod odam o'lgan.
SURIYA
Suriyalik inson huquqlari faollarining aytishicha, bugun xavfsizlik kuchlari mamlakat bo'ylab uyma-uy yurib yuzlab namoyishchilarni hibsga olgan. Banias va Hims shaharlari ko'chalarini tanklar nazorat qilgan. Kecha hukumat kuchlari o'qidan 14 kishi o'lgan. Huquq faollari hisobicha, namoyishlar mart oyida boshlanganidan beri 630 odam o'lgan, sakkiz ming kishi hibsda yoki bedarak ketgan.
Prezident Bashar al-Assad tanazzulni yengib, ma'muriy, siyosiy va matbuotda islohotlarni boshlaymiz, demoqda.
MISR
Misrlik nasroniylar mamlakatni boshqarayotgan harbiy rahbarni diniy zo'ravonliklarga yo'l berganlikda ayblab, feldmarshal Muhammad Husayn Tantanaviyni iste'foga chaqirmoqda. Poytaxt Qohirada ular davlat televideniyesi binosi tashqarisida namoyish qilgan. Ular, shuningdek, ikki cherkovga o't qo'ygan odamlarni topib, jazolashni talab qilmoqda. Musulmon yoshlar namoyishchilarga hujum qilgani ta'kidlanadi. Davlat matbuotiga ko'ra, shanba va yakshanba kungi zo'ravonliklarda 12 kishi o'lgan, 220 dan ziyodi jarohatlangan.
LIVIYA
Liviya muxolifati hukumat kuchlari qamalidagi Misratada bir oy ochida suv va yegulik tugaydi, deya ogohlantirmoqda. Muammar Qaddafiy armiyasi hujumlari oqibatida shaharga insonparvarlik yordami vaqtida yetib bormayapti. Misrata isyonchilar qo'lidagi ikki shahardan biri. Ikki oydan beri qamalda.
NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussenning aytishicha, Qaddafiyning kuni bitgan. Biroq, deydi u, mojaroni harbiy emas, siyosiy yo'l bilan hal etish zarur.
Suriyalik inson huquqlari faollarining aytishicha, bugun xavfsizlik kuchlari mamlakat bo'ylab uyma-uy yurib yuzlab namoyishchilarni hibsga olgan.