Breaking News

Misr sobiq prezidenti kurortdan qamoqxonaga ko'chiriladi


Husni Muborak - Misr sobiq prezidenti
Husni Muborak - Misr sobiq prezidenti

Husni Muborakning aytishicha, unga qo'yilayotgan ayblovlarning barchasi asossiz.

MISR

Misr prokurori sobiq prezident Husni Muborakni qamoqqa o'tkazish rejasini ma'lum qilgan. Muborakning yuragi og'rib Qizil dengiz bo'yidagi kurort shahar Sharm-al-Shayxdagi kasalxonada davolanayotgan edi. Prokuror u avval harbiy kasalxonaga, o'ziga kelgach esa qamoqxonaga ko'chirilishini aytmoqda. Muborak korrupsiya ishi bo'yicha so'roq qilinayotgan payt yuragini ushlab qolgan edi.

Uning ikki o'g'li ham hibsga olinib, poytaxt Qohira yaqinidagi qamoqxonaga 15 sutkaga qamalgan. Muborakning aytishicha, unga qo'yilayotgan ayblovlarning barchasi asossiz. Sobiq rahbar ommaviy namoyishlar natijasida lavozimini bo'shatishga majbur bo'lgan.

SURIYA

Suriyada yangi Vazirlar Mahkamasi tayinlanganiga qaramay, bugun yana namoyishlar. Minglab odamlar janubdagi Daraa shahrida juma namozidan so'ng chiqish qilgan. Prezident Bashaar al-Assad 30 nafar vazirni yangilab, o'tgan oy hibsga olingan bir necha kishini ozod etishni buyurgan. Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Human Rights Watch tashkilotining aytishicha, xavfsizlik kuchlari qo'lga olingan namoyishchilarni qiynoqqa solgan.

YAMAN

Bugun Yamandayam chiqishlar. Diniy va qabilaviy yetakchilar namoyishchilarga qo'shilib, prezident Ali Abdulla Solihni iste'foga chaqirmoqda. Ko'zga ko'ringan bir guruh arboblar bayonot chiqarib davlat rahbarini namoyishchilar talablarini qondirib, zudlik bilan hokimiyatdan ketishga da'vat etgan.

Muxolifat Fors ko'rfazi kengashiga a'zo davlatlarning prezident Solihga qilgan taklifini rad etgan. Ularga ko'ra, rejada Solih va oilasini suddan himoya qilish ko'zda tutilgan bo'lib, buning ustiga lavozimini qachon topshirishi aniq belgilanmagan. Muxolifat prezidentga iste'foga chiqish uchun ikki hafta bermoqda. Bugun poytaxt Sano ko'chalariga Yaman bayroqlarini ko'tarib Solih tarafdorlari ham chiqqan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG