NATOning ma’lum qilishicha, Britaniya va Kanada dengiz kuchlari Liviya armiyasiga qarashli tezyurar qayiqlarning Misrata portiga hujumini qaytargan.
G’arbdagi bu shahar aeroporti kecha isyonchilar qo’liga o’tgan edi.
NATO samolyotlari poytaxt Tripolida Muammar Qaddafiyga qarashli Bab al-Aziziya harbiy markazini nishonga olmoqda.
Liviya muxolifati yetakchilari bugun Vashingtonda AQSh rasmiylari bilan uchrashmoqda.
Oq Uy bildirishicha, prezident Barak Obamaning xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Tom Donilon Liviyadan kelgan delegatsiya a’zolari bilan muloqot qilmoqda.
Mahmud Jibril, Bing’ozida tuzilgan muvaqqat hukumat vakili, kecha Kongressda ham mehmon bo’lgan.
“Liviya oppozitsiyasi, muvaqqat milliy kengash a’zolari terrorni va al-Qoida mafkurasini rad etib, demokratik islohotlar va’da qilayotganini olqishlaymiz. Lekin ularni rasman tan olishga hali erta”, - deydi Oq Uy matbuot kotibi Jey Karni.
Muxolifatchilar AQSh Senatining Tashqi Aloqalar qo’mitasi rahbari, senator Jon Kerri bilan uchrashgan.
“Liviyada biz konstitutsiya, inson huquqlari va erkinlikka asoslangan jamiyat quramiz”, - deydi Mahmud Jibril.
Demokrat Jon Kerri Muammar Qaddafiyga qarashli mablag’ning bir qismini muxolifatga uzatish to’g’risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini aytgan.
Liviya muxolifati a'zolari bundan oldin Britaniyada Bosh vazir Deyvid Kameron bilan ham muloqot qilgan va Londonda idora ochishga kelishib olgan.
Italiya Tashqi ishlar vazirligi bayon qilishicha, Xalqaro Jinoiy Sud shu oy oxirigacha Muammar Qaddafiyni hibs olish to’g’risida qaror chiqarishi mumkin. Unga binoan hech bir mamlakat Qaddafiyga boshpana bera olmaydi.