Breaking News

Liviya: Xalqaro koalitsiya havo hujumlarini davom ettirmoqda, Tripolida ikki kishi o'lgan


Bing'ozida muxolifat kuchlari ularning safiga qo'shilayotgan fuqarolarga qurol ishlatishni o'rgatmoqda, 11 may 2011
Bing'ozida muxolifat kuchlari ularning safiga qo'shilayotgan fuqarolarga qurol ishlatishni o'rgatmoqda, 11 may 2011

Bugun Liviya poytaxti Tripolini larzaga keltirgan portlashlar ikki odamn hayotdan olib ketdi. Xalqaro koalitsiya samolyotlari Muammar Qaddafiyga tegishli hovli va inshootlarni nishonga olayapti.

Shimoliy Koreyaning Tripolidagi elchixonasi qisman vayron bo’lgan. Bu orada AQSh va Britaniya Liviya muxolifatiga siyosiy, iqtisodiy va diplomatik jabhada ko’makni oshirmoqda.

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton “Bing’ozida idora ochib, xavfizlik, ta’lim va fuqaro jamiyatini rivojlantirishga mablag’ ajratamiz” deydi.

Tripolida havo hujumlaridan jarohat olganlar
Tripolida havo hujumlaridan jarohat olganlar

Qo’shma Shtatlar esa Muammar Qaddafiyning bu mamlakatdagi milliardlab dollar pullarini oppozitsiyaga uzatmoqchi. Bu boradagi qonun muallifi, Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Jon Kerrining aytishicha, Liviyaning ertangi kuni haqida gap ketmoqda.

“Xalqaro kampaniya natijasida bosh maqsadga erishildi, ya’ni polkovnik Qaddafiy tinch aholiga qarshi rejalagan qatliom tahdidi endi yo’q”, - deydi Jon Kerri.

NATO havo hujumlari natijasida vayron bo'lgan joylar
NATO havo hujumlari natijasida vayron bo'lgan joylar

Kapitoliyda Liviya muvaqqat kengashi a’zosi Mahmud Jabril bilan uchrashgan demokrat qonunchi fikricha, Qaddafiy ertami-kechmi ketadi, undan keyingi davr haqida hozir o’ylash kerak.

“Muvaqqat kengash a’zolari Liviya uchun demokratik taraqqiyot yo’lini belgilab qo’ygan. Biroq bu maqsadga erishish ko’mak talab qiladi. Polkovnik Qaddafiy 40 yillik boshqaruvi davomida fuqaro jamiyatini sistematik ravishda ezib kelgan. Tizimni butkul isloh qilish, mamlakatni qaytadan qurish yangi demokratik rahbarlar zimmasiga tushadi”, - deydi senator Jon Kerri.

Ajdabiyadagi muxolif kuchlar
Ajdabiyadagi muxolif kuchlar

Kongressda mehmon bo’lgan Mahmud Jabril rejalarni shunday tushuntirdi.

“Qo’zg’olonning birinchi kunidan aytib kelganmiz buni – Liviyada biz konstitutsiya, inson huquqlari va erkinlikka asoslangan jamiyat quramiz”.

Amaldagi rejim ostida bu mamlakat xalqining har bir kuni anduh, mashaqqat, deydi muxolifatchi.

Muxolifat G'arbdan yordam olmoqda
Muxolifat G'arbdan yordam olmoqda

“Liviyaliklarga hozir qancha ko’p ko’mak yetkazilsa, shuncha kam. Suv, boshpana, yegulik, dori-darmonga muhtoj ular. Yangi hukumat o’rnatilgach esa birinchi galda siyosiy-ijtimoiy murosaga erishish, ikkiga bo’lingan xalqning boshini bir yoqadan chiqara oladigan g’oya bilan chiqish kerak bo’ladi”, - deydi Mahmud Jabril.

Senator Jon Kerri u ishlab chiqayotgan qonun asosida Bing’ozidagi muvaqqat kengashga, isyonchilarga qancha pul tegishi haqida izoh bermasada, ehtiyojlarni qondirish va krizisdan chiqib olish uchun yetarli deydi.

Liviya ma’muriyati esa bu tashabbusni “qaroqchilik” deya ta’riflaydi.

Oppozitsiya yetakchilari kecha Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron bilan ham muloqot qilib, Londonda idora ochish uchun ruxsat oldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG