Breaking News

Tripoli havo hujumlari ostida, Rossiya vositachilik qilishga urinmoqda


"Muhimi - Qaddafiy ketgach, nima qilishni muxolifat hozirdan o’ylab qo’yishi kerak".
"Muhimi - Qaddafiy ketgach, nima qilishni muxolifat hozirdan o’ylab qo’yishi kerak".

NATO harbiy samolyotlari Liviya poytaxti Tripolini bombardimon qilishda davom etmoqda. 42 yillik rahbar Muammar Qaddafiy nazoratidagi binolar, harbiy inshoot va o’tish-nazorat punktlari nishonda.

Rossiya diplomati Mixail Margelov bugun Bing’ozi shahrida bo’lib, muxolifat bilan ko’rishdi.

Liviya muxolifati bugun g’arb tomon yurish qilib, Yafran shahrini qo’lga kiritgan. Yafran poytaxt Tripolidan 160 kilometr uzoqda.

Tripolida esa har zamonda portlash, o’q ovozlari quloqqa chalinadi. Qaddafiyga tegishli ob’yektlar havodan qayta-qayta urilmoqda.

“Qaddafiy xalqqa qarshi zulmni bas qilmasa, NATO hujumlari davom etadi”, - deydi alyans rasmiylari.

Fransiya va Britaniya o’tgan hafta operatsiyaga jangovar vertolyotlarni ham jalb qilgan.

“Vertolyotlarning ustun tomoni bor”, - deydi Britaniya harbiy havo kuchlari vakili, general Jeyms Eterington.

“Ular pastlab va sekinroq ucha oladi. Bu esa kim-kim ekanini bilish, nishonni aniqroq olish imkonini beradi”, - deydi u.

G’arb yil boshidan beri asosan qiruvchi samolyotlarni qo’llab kelayotgan edi. To’rt kilometr balandlikda uchadigan bu samolyotlar ko’p hollarda xatoga yo’l qo’yib, muxolifatga ham ziyon qilgan.

Rossiya esa norozi. “Bu ketishda g’arb Liviyaga piyoda qo’shin jo’natishdan tap tortmasligi mumkin”, - deydi bosh vazir muovini Sergey Ivanov.

Kremlning pozitsiyasi shuki, Qaddafiy xalq manfaatini ko’zlab hokimiyatdan ketishi kerak. Rossiya bu borada vositachilik qilishga kirishgan.

Rossiya diplomati Mixail Margelov Liviya oppozitsiya vakillari bilan muzokaradan so’ng Tripolida Qaddafiy bilan gaplashmoqda.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri, o’tgan shanba Bing’ozida bo’lib qaytgan Vilyam Xeyg reydlar BMT rezolyutsiyasiga ko’ra amalga oshirilayotganini ta’kidlaydi.

Xeyg nazarida muhimi - Qaddafiy ketgach, nima qilishni muxolifat hozirdan o’ylab qo’yishi kerak.

Arab axborot vositalarining yoritishicha, Liviya armiyasida tushkunlik hissi kuchli va ayrimlar taslim bo’lishga tayyor. Boshqalar muxolifat jazosidan qo’rqib, qo’shni Tunisga qocha boshlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG