Breaking News

Panetta fikricha Qaddafiyning hokimiyatdagi kunlari sanoqli


AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan ochiq forumda omma savollariga javob bermoqda, 16 avgust 2011
AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan ochiq forumda omma savollariga javob bermoqda, 16 avgust 2011

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta fikricha, Liviyada tez orada katta o’zgarish ro‘y beradi.

Qariyb 42 yillik rahbar Muammar Qaddafiyning hokimiyatdagi kunlari sanoqli, muxolif kuchlar Tripoliga yaqinlashar ekan, Qaddafiy murosa yo’lini izlay boshlagan, deydi u.

Lekin isyonchilarni birlashtirgan Muvaqqat milliy kengash raisi Mustafo Abdul Jalil Qaddafiy rahbarlikdan ketsagina, u bilan muzokara qilinadi, demoqda.

Isyonchi kuchlar
Isyonchi kuchlar

Haqiqatan, Liviyada isyonchilarning qo’li baland. Talab o’zgarmaydi, deydi ular, Liviyada yangicha davlatga asos solinadi.

Shu kungacha Amerikaning biror yuqori lavozimli rasmiysi bu qadar ishonch bilan Qaddafiy ketadi, deya aytmagan edi. Leon Panetta kecha AQSh Mudofaa Universitetida Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan ochiq forumda talabalardan tushgan savollarga javob berdi.

“Qaddafiyning kuchlari zaiflashgan. Mana, yaqinda ichki ishlar vaziri qochib ketgani ham uning hukumati daqiqa sayin yemirilib borayotganidan dalolat beradi”, - deydi AQSh mudofaa vaziri.

Panetta fikricha Qaddafiyning hokimiyatdagi kunlari sanoqli
Panetta fikricha Qaddafiyning hokimiyatdagi kunlari sanoqli

“NATO amaliyotlari, muxolifatning dadil harakat qilayotgani, sanksiyalar, xalqaro bosim, Arab Ligasi ko’rayotgan choralar… Bular, nazarimda, samara bermoqda. Liviya katta burilish yoqasida”,- deydi Panetta.

Xillari Klinton, Amerika bosh diplomati, fikricha, Liviyaning shafqatsiz rahbariga nisbatan NATO va arab dunyosi bir pozitsiyada turgani, muxolifatga harbiy-siyosiy madad ko’rsatgani xalqaro hamjamiyat uchun katta yutuq.

“Bu ishning boshida faqat Amerika turibdi desangiz, xato qilasiz”, - deydi Klinton. “G’arbu sharq birgalikda qadam tashladi”,- deydi u.

AQSh Suriyada Bashar al-Assadni hokimiyatdan ketishga chaqirmoqda. O’z fuqarolariga qarshi kuch ishlatgan rahbar - rahbar emas, deydi Klinton.

Liviya politsiyasi
Liviya politsiyasi

“Biz Assad ketsin deyapmiz, lekin buning o’zi yetmaydi. Turkiya, Saudiya Arabistoni singari davlatlar ham shunday deb chiqsa, ana unda Assad kuni bitayotganini anglab yetadi, nazarimda”,- deydi Klinton.

Bu bilan AQSh davlat kotibasi diplomatiyaga zo’r berish kerak demoqda. Amerika dunyo ahli bilan kelishgan holda harakat qilmog’i lozim, deydi u.

Bu orada Iroqda qaqshatqich xurujlar kuzatilmoqda. Amerika qo’shinlari shu yilning oxiriga borib, bu davlatni butunlay tark etadi, lekin Iroq notinch.

“Biz chiqib ketayapmiz. Jangovar harakatlar, bilasiz, yakunlangan. Bu yo’g’i endi faqat yordam. Iroq ko’proq madad so’rasa, biz tayyormiz”, - deydi Pentagon rahbari Panetta.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG