Breaking News

Faollar: Suriya hukumati siyosiy mahbuslarni yashirdi


Faollar: Suriya hukumati siyosiy mahbuslarni yashirdi
Faollar: Suriya hukumati siyosiy mahbuslarni yashirdi

Inson huquqlari faollarining aytishicha, Suriya hukumati mahbuslarni harbiy turmalarga o’tkazgan. Maqsad ularni mamlakatga safar qilayotgan Arab Ligasi kuzatuvchilaridan yashirish. Ayni paytda davlat matbuoti yuzlab mahbus qo’yib yuborilganini aytmoqda.

Nyu-Yorkda asoslangan Human Rights Watch tashkiloti nazarida Arab Ligasi delegatsiyasi Suriyaning barcha qamoqlariga kira olishi kerak. Bunga ruxsat berilmasa, jahon hamjamiyatini ogoh qilib, Bashar al-Assad ma’muriyatiga bosimni oshirish shart.

Monitoring guruhi hukumatning zo’ravonlikni bas qilib, siyosiy mahbuslarni qo’yib yuborib, askarlarni shaharlardan olib chiqish va’dasining ijrosini nazorat qilmoqda. Delegatsiya tashrifidan oldin esa yuzlab mahbus yashirin joylarga ko’chirilgan, deya bildiradi “Human Rights Watch”.

Bir paytning o’zida rasmiy matbuot Assadga qarshi to’qqiz oylik namoyishlar davomida ushlanganlardan 755 nafari qo’yib yuborilganini ma’lum qilgan.

Arab Ligasi missiyasi rahbari, sudanlik general Muhammad Dabi so’zlariga ko’ra, bugun Hama, Idlib va Daraa kabi shaharlarga borish rejalangan.

Kecha kuzatuvchilar Hims shahrini tekshirgan, ularni qarshi olgan minglab namoyishchi politsiya tomonidan o’qqa tutilgan edi. Londonda asoslangan Suriya inson huquqlari guruhi hisobicha, shaharda 70 mingga yaqin odam to’plangan. Namoyishchilar Assadni qatl etishga da’vat etgan.

Guruh kecha Himsdan olingan videolarga asoslanib, isyonchilar o’qqa tutilgani va shaharda olti odam o’lganini ta’kidlaydi.

Armiyadan yuz o’girgan askarlar esa bugun hukumat tarafida jang qilayotgan zobitlardan to’rt nafarini halok qilganini bildirmoqda.

Qo’shma Shtatlar liga safarini olqishlab, kuzatuvchilar sonini oshirishga, chuqurroq tekshiruvlar olib borishga undadi. Oq uy Suriya rahbariyatini zulmda ayblab keladi.

Davlat departamenti so’zlovchisi Mark Toner:

“Kuzatuvchilar kelishidan oldin Assad rejimi bir necha shahar, jumladan, Hims, Daraa kabilarga o’q yog’dirgan. Qo’rqinchli jinoyatlar haqida eshitayapmiz va buni qoralaymiz”, - deydi Mark Toner.

Hozir liga missiyasi safida 50 kishi bor, yaqinda yana 100 nafari yo’lga chiqadi. Aslida bu raqam 500 kishi bo’lishi kerak edi.

Huquq faollari arab davlatlarini tanqid qilib, Suriya hukumati gapiga ko’nib, kuzatuvchilar sonini kamaytirishga rozi bo’lganlikda ayblaydi.

Amerikalik tahlilchi Jonatan Adelman fikricha, kuzatuvchilar soni kam.

“Bashar al-Assadni boshqa yo’llar bilan ham siquvga olish kerak, deylik, Liviyadagi kabi harbiy kampaniya ehtimoli bilan. Busiz Assad bilganini qilishda davom etadi”, - deydi ekspert.

Qo’shma Shtatlar Suriya rahbarlariga nisbatan sanksiyani kuchaytirish tarafdori. Lekin Arab Ligasi tashabbusi tahsinga loyiq, deydi Mark Toner:

“Qisqa vaqt ichida liga Suriya rasmiylari bilan bog’landi, xalqaro hamjamiyat xavotirini tingladi. Monitoring guruhi hozir Suriyada ekani katta gap. Xalq holi haqida bundanda ko’p ma’lumot olishni istaymiz, albatta”, - deydi Davlat departamenti so’zlovchisi.

Tonerning aytishicha, Arab Ligasi delegatsiyasi hali biror hisobot berganicha yo’q. AQShning Damashqdagi elchisi Robert Ford kuzatuvchilar bilan ko’rishgan.

Yil yakunlari suratlarda:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG