Suriyalik inson huquqlari faollarining bildirishicha, kecha xavfsizlik kuchlari yetti namoyishchini otib o'ldirgan. To'rt nafari poytaxt Damashqda, qolgani Himsda.
Arab Ligasi kuzatuvchilari zo'ravonliklarning oldini ololmayapti, deydi faollar. Prezident Bashar al-Assad hukumati ligaga ta'qiblarni to'xtatishga so'z berib, vaziyatni nazorat etish uchun kuzatuvchilarning Suriyaga kirishiga ruxsat bergan edi. Ular bir oy davomida ahvol bilan tanishib, liga rahbariyatiga hisobot beradi.
Biroq mahalliy huquq faollarining aytishicha, ular kelganidan beri 150 dan ziyod odam o'lgan.
Arab Ligasiga a'zo davlatlar qonunchilaridan iborat 88 kishilik Arab parlamenti ham buni tasdiqlar ekan, spiker Ali al-Salim kuzatuvchilarning hayotini xavf ostiga qo'ymaslik uchun ularni Suriyadan chaqirib olishga da'vat etmoqda. Arab parlamenti ligadan mustaqil ravishda ishlaydi. Qarorlari ramziy, ijrosi majburiy emas.