Fransiya Tashqi ishlar vaziri Alan Juppening aytishicha, Suriyaga safarbar etilgan Arab Ligasi kuzatuvchilari xavfli muhitda ish olib bormoqda.
"Kuzatuvchilarga hamma sharoitlar yaratilganmi, axborotni bemalol olishadimi - shuni aniqlash kerak", - deydi Juppe.
Fransuz vaziri BMT Xavfsizlik Kengashini Suriyaga qarshi chora ko'rishga chaqirmoqda.
"Kengash jim turmasligi lozim, prezident Bashar al-Assad hukumatining kelajagi yo'q", - deydi Alan Juppe.
Arab Ligasi raisi Nabil al-Arabiyning aytishicha, rasmiy Damashq otishmalarni bas qilishga va'da berganiga qaramay shaharlarda hamon o'q ovozlari eshitilmoqda, snayperlar faol, odamlar o'lmoqda. Kim kimni otayotganini bilib bo'lmayapti, deydi u.
Liga kuzatuvchilari Suriya hukumati va'dalarining ijrosini tekshirmoqda. Assad ko'chalardan xavfsizlik kuchlari va og'ir harbiy texnikani chiqarishga so'z bergan edi.
Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozining aytishicha, Assad tuzumi xalqni qirmoqda, Suriya prezidenti lavozimini zudlik bilan topshirishi kerak.