Suriyada norozilik namoyishlari davom etar ekan, hukumat o’z hamkorlarini yo’qotmaslikka harakat qilmoqda. Ular orasida turli diniy guruhlar ham bor.
Poytaxt Damashqda diniy yetakchilar Arab Ligasi vakillari bilan uchrashib, bag’rikenglik va e’tiqodlararo totuvlik haqida gapirdi.
Damashq muftiysi Abdul Boriy Atvan musulmon, nasroniy va boshqalar o’rtasida birdamlik kuchli, deya ta’kidlaydi.
“Barimiz davlat himoyasidamiz”, - dedi muftiy.
Katolik cherkovidan Luka al-Xuriy “bizdek totuv xalq yo’q” deydi.
“Bir necha asrlar oldin birinchi musulmonlar Suriyaga qadam bosganida, nasroniylar ularni haydamagan, quchoq ochib kutib olgan. Shundan buyon biz yonma-yon tinch-ahil yashab kelamiz”, - dedi al-Xuriy.
Har ikkala dindor nazarida mamlakatdagi norozilik namoyishlariga sabab – odamlarning dindan qaytgani.
Arab Ligasi vakili Ja’far Kubaydo o’z vatani Sudanda diniy bo’linishlar dahshatli oqibatlarga olib kelgani haqida gapiradi.
Bunday bayonotlarga qaramay, Suriyada vaziyat tarang. Muxolifat safida turli dindagi odamlarni ko’rasiz.
Aholining to’rtdan uch qismini sunniylar tashkil etadi. Ular orasida hukumatning diniy siyosatidan norozilik ancha kuchli.
Mamlakatni mana 40 yildirki shialar sulolasi boshqarib keladi. Alaviylar hukumatida aksariyat lavozimlar shu mazhabdagi arboblarga tegadi. Nasroniylar bilan munosabatlar joyida. Bu din vakillarini yuqori martabalarda ham uchratasiz. Hamkorlik evaziga erkinlik ham kafolatlanadi, ya’ni cherkovlar ochiq.
Shu boismi Damashqning asosan nasroniylar yashaydigan Bob Tumo dahasida hukumatni qo’llab-quvvatlaydiganlar ko’p.
Mariamea katolik cherkovi ruhoniysi Toni Fillipos Yazji “dinimiz doimo tinch namoyishlar va islohotlar tarafdori bo’lib kelgan”, deydi va zo’ravonliklarni qoralaydi.