Suriya askarlari hukumatga qarshi namoyish qilgan faollarni ta'qib etishda tanklardan foydalanibgina qolmay shu hafta harbiy qayiqlar ham ishga solingan. Xususan dengiz bo'yida joylashgan Latakiya shahrida sohilga yaqin hududlar o'qqa tutilgan. Shanba kundan beri kamida 27 kishi o'lgan, deydi guvohlar.
Juma kuni shaharda yirik namoyish bo'lgan. Odamlar prezident Bashar al-Assadni iste'foga chaqirgan. Mamlakatda xorijiy matbuot faoliyatiga to'siq qo'yilgani bois ma'lumotlar asosan voqea guvohlaridan olinmoqda.
Davlat axborot agentligi Latakiyadagi voqeani o'zgacha ta'riflamoqda. Unga ko'ra qurollangan odamlar shahar aholisini vahimaga solgan. Hukumat kuchlari esa ularga qarshi kurashgan.
Xalqaro hamjamiyat xalqqa qarshi zulmni keskin qoralamoqda. Prezident Barak Obama va Saudiya Arabistoni qiroli Abdulla Suriya rahbarini zo'ravonliklarni bas qilishga chaqirgan.
AQSh prezidenti Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron bilan telefon orqali vaziyatni muhokama qilib, qon to'kilishlarini to'xtatish kerakligiga kelishgan. Kanada Suriyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni kuchaytirgan. Islomiy hamkorlik tashkiloti esa rasmiy Damashqni chegaradan chiqmaslikka chaqirib, o'zini vositachi sifatida taklif etgan.