Breaking News

Qaddafiyning qayerda ekani noma'lum, janglar davom etmoqda


Bugun tongda isyonchilar nazorati ostidagi Bing’ozi shahrida ham yuzlab odamlar yig’ilib, bayram qilgan
Bugun tongda isyonchilar nazorati ostidagi Bing’ozi shahrida ham yuzlab odamlar yig’ilib, bayram qilgan

Liviyada isyonchilar poytaxt Tripolining katta qismini qo’lga kiritib, mamlakatni 42 yil boshqargan Muammar Qaddafiyning davri tugaganini aytmoqda. Biroq shaharning har yer, har yerida janglar davom etmoqda.

Isyonchilarning aytishicha, hal qiluvchi olishuv Qaddafiyning Bob al-Aziziya qarorgohi yaqinida kechgan, biroq uning qayerda ekani ma’lum emas.

Qo’zg’olonchilar Tripoli mudofaa tizimini yorib o’tib, Yashil Maydonga kirgach, ularni minglab fuqaro olqishlar bilan kutib olgan. Asosiy harbiy bazani qo’lga kiritishda deyarli hech qanday qarshilikka uchramadik, deydi ular.

“Tarixning ajoyib, muhim kuniga shohid bo’lib turibmiz”, - deydi Muvaqqat boshqaruv kengashi matbuot kotibi Ahmad Bani. “Nafaqat Liviya xalqi, balki butun dunyoning dushmani bo’lmish zolim rahbarning davri bitdi”, - deydi u.

Bugungi manzara

Shahar ko’chalaridan Qaddafiyning rasmlari olib tashlangan, markaziy maydonga Shahidlar nomi berilgan. 69 yoshli Qaddafiyning ikki o’g’li, Saadiy va Liviyaning bo’lg’usi rahbari deya ko’rilgan Sayf ul-Islom muxolifat qo’lida. To’ng’ich o’g’li Muhammad esa o’zi taslim bo’lgan.

Muxolifat yetakchisi Mustafo Abdul Jalil isyonchilarni tabriklab, tinch aholi va ularning mol-mulkini himoya qilishga undamoqda.
Muxolifat yetakchisi Mustafo Abdul Jalil isyonchilarni tabriklab, tinch aholi va ularning mol-mulkini himoya qilishga undamoqda.

Xalqaro jinoiy sud prokurori Luis Moreno-Okampo qo’zg’olonchilar bilan gaplashib, Sayf ul-Islomni Gaaga tribunaliga topshirishga undagan. Qaddafiy, uning o’g’li va Liviya razvedka xizmati boshlig’i Abdulla al-Senusiy, ma’lumki, insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanmoqda.

Oppozitsiya hukumatning sara va sodiq Xamis harbiy brigadasini qo’lga kiritgan. Brigadani shu paytgacha avtokrat rahbarning kenja o’g’li, 28 yoshli Xamis Qaddafiy boshqarib kelgan edi. Qo’zg’olonchilar yuzlab mahbusni ham ozod qilgan. Qaddafiyni himoyasi uchun mas’ul gvardiya ham taslim bo’lgan.

Liviya davlat televideniyesi kecha Qaddafiyning bir necha audio-murojaatini efirga uzatgan. Oxirgi bayonotida u muxolifat Tripoliga yaqinlashib borayotganini tan olib, shahar yana bir Bag’dodga aylanadi, deya ogohlantirgan edi. Qaddafiy so’nggi nafasigacha poytaxtda qolishini aytib, tarafdorlarini jangga chorlagan.

Bugun tongda isyonchilar nazorati ostidagi Bing’ozi shahrida ham yuzlab odamlar yig’ilib, bayram qilgan. Olti oy davomida Tripolini g’arb, sharq va janubdan siquvga olib, g’alaba qozondik, deydi ular.

Namoyishchilarga BMT Xavfsizlik Kengashi ruxsatini olgan NATO harbiy havo kuchlari yordam berib, aholini himoyaga oldi va Qaddafiyga qarashli ob’yektlarni bombardimon qildi.

“Qaddafiy rejimi, haqiqatan, ag’darildi”, - deydi NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen. “O’z xalqiga qarshi borgan arbob g’alaba qilma olmasligini Muammar Qaddafiy qanchalik tez tushunsa, shuncha yaxshi. Liviya fuqarolari tinch va farovon hayot kechirishga haqli”, - deydi u.

Liviya kelajagi

Muxolifat yetakchisi, Muvaqqat boshqaruv kengashi rahbari Mustafo Abdul Jalil isyonchilarni tabriklab, tinch aholi va ularning mol-mulkini himoya qilishga undamoqda. “Tartib-intizomni saqlang, o’zboshimcha harakat qilmang”, - deya chaqirdi u.

Jalilning aytishicha, Qaddafiydan keyingi Liviyada qonun ustuvorligi ta’minlanadi va xalqqa jabr qilgan shaxslar adolat bilan sud qilinadi. “Hukumat esa islomni nazarda tutgan holda, ozodlik, adolat, tenglik, oshkoralik asosida ishlaydi”, - deydi u. Jalil xalqaro hamjamiyat yordami uchun minnatdorchilik bildirdi.

G'arb

AQSh prezidenti Barak Obama esa Muammar Qaddafiyni taslim bo’lib, hokimiyatni butkul tark etishga da’vat etmoqda. Liviya ustidan nazoratni qo’ldan boy berganingizni tan oling, deydi Obama.

Amerika prezidenti Liviyada tinch demokratik jarayonlarni qo’llab-quvvatlashini aytib, muvaqqat rahbarlarni barcha qatlam va elatlar manfaatlarini birday himoya qilishga chaqirdi.

“Liviyani yangidan qurish, demokratiya nimaligini avval sinab ko’rmagan davlatni birlashtirish oson bo’lmaydi”, - deydi Liviyaga qo’shin tortish kerak deb chiqqan senator Jon Makkeyn. “Lekin tabiiy zaxiralarga boy, xalqi mard Liviya oyoqqa turadi va bu Suriya hamda Yaman prezidentlari uchun saboq bo’ladi”, - deydi AQSh senatori.

Britaniya, Italiya va umuman Yevropa Ittifoqi Qaddafiy ketishi kerak, deydi.

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron bu inqilobga hissa qo’shganimizdan mamnunmiz va Liviyaga qarashli hisob raqamlarini, shu paytgacha muzlatilgan pullarni tez orada xalqqa topshiramiz, deydi. Xitoy esa Liviya xalqining xohishini hurmat qilib, mamlakatda tinchlik qaror topishiga umid bildirdi.

Biroq ayrim xabarlarga ko’ra, Janubiy Afrika Muammar Qaddafiy va uning oilasiga boshpana bergan bo’lishi mumkin. Ammo bu davlat Tashqi ishlar vazirligi bu xabarlarni inkor etgan.

Muammar Qaddafiy

Qaddafiyning qayerda ekani noma'lum, janglar davom etmoqda
Qaddafiyning qayerda ekani noma'lum, janglar davom etmoqda

Polkovnik Muammar Qaddafiy 27 yoshida, 1969-yilda Qirol Idrisni taxtdan ag’darib Liviyada hokimiyatni qo’lga olgan edi.

Qator davlatlarda, xususan, Chad va Eronda qo’zg’olonlarni qo’llab-quvvatlagan Qaddafiy terrorchi va ekstremist guruhlarni moliyalagani taxmin qilinadi.

Qaddafiy ma’muriyati Germaniyada tungi klubni bombardimon qilib, jumladan, amerikalik ikki askarni o’ldirishga aloqador ekani aytilgan. O’sha voqeadan keyin, 1986-yilda prezident Reygan Liviyani havodan nishonga olishga buyruq bergan edi.

Ikki yildan so’ng esa Liviya Shotlandiya uzra AQSh samolyotini portlatib, 270 kishini o’ldirgan edi. Muammar Qaddafiy 2003-yilda buni tan olib, qurbonlar oilalariga ikki milliard dollar kompensatsiya to’lashga rozi bo’ldi.

Xuddi o’sha yili Liviya rahbari terrorizm va ommaviy qirg’in qurollaridan voz kechib, AQSh va Yevropa Ittifoqi joriy etgan sanksiyalar olib tashlanishi uchun yo’l ochib berdi.

Lekin bu uzoqqa bormay, joriy yilning fevralidan e’tiboran Qaddafiy xalq qo’zg’olonini kuch bilan bostirishga kirishdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG