Breaking News

Qaddafiy uchun 1,67 million dollar


Qaddafiy hech kimga bildirmay, poytaxtni tark etganini aytmoqda. Davlat telekanali xabariga ko’ra, NATO Bob al-Aziziya qarorgohini bombardimon qilgani bois Qaddafiy chekinishni ma’qul topgan.
Qaddafiy hech kimga bildirmay, poytaxtni tark etganini aytmoqda. Davlat telekanali xabariga ko’ra, NATO Bob al-Aziziya qarorgohini bombardimon qilgani bois Qaddafiy chekinishni ma’qul topgan.

Liviya poytaxti Tripolida Muammar Qaddafiy qarorgohi atrofida bugun ham janglar davom etar ekan, muxolifat uni tutib berganga 1,67 million dollar mukofot va'da qilmoqda.

Qaddafiyning qayerda ekani noma'lum, biroq AQSh rasmiylari taxminicha, u hamon Liviyada.

Muvaqqat boshqaruv kengashi yetakchisi Mustafo Abdul Jalilning aytishicha, bu qarorni mahalliy boylar, tadbirkorlar yoqlab chiqqan. Maqsad - Qaddafiyni tezroq ushlash.

Polkovnikning Bob al-Aziziya qarorgohini isyonchilar kecha butunlay egallaganini aytib, tantana qila boshlagan edi. Ular inshootdan qurol-aslaha va buyumlarni olib chiqar ekan, hukumat tarafdorlari o’t ochgan. Uning oilasi qayerda ekani noaniqligicha qolmoqda.

“Odamning ishongisi kelmaydi. Bemalol Qaddafiyning uyiga, yotog’iga kirdik”, - deydi uch kunlik shiddatli to’qnashuvdan keyin kecha nihoyat Bob al-Aziziya qarorgohiga kirgan isyonchilardan biri. “Liviya hayoti butunlay o’zgardi, bizga yordam bergan davlatlarga rahmat”, - deydi ular.

Liviya rahbari kechagi audio-murojaatida Tripoli ahlini oyoqqa turib, qo’zg’olonchilarni shahardan quvib solishga undagan edi.

“Tripoli va tevarakdagi shaharlar ahli, ayollar, erkaklar, bolalar va zobitlarni isyonchilarga qarshi kurashga chaqiraman”, - dedi Qaddafiy. “Shaharni sotqin va kalamushlardan tozalang, bo’lmasa ular sizni qiradi”, - dedi Liviyani qariyb 42 yil boshqargan shaxs.

Qaddafiy hech kimga bildirmay, poytaxtni tark etganini aytmoqda. Davlat telekanali xabariga ko’ra, NATO Bob al-Aziziya qarorgohini bombardimon qilgani bois Qaddafiy chekinishni ma’qul topgan. U xalqaro koalitsiya agressiyasiga qarshi kurashni davom ettirib, ham g’alaba qozonish, ham shahid bo’lishga tayyor ekanini aytgan.

Isyonchilar Tripolini to’liq qo’lga kiritganicha yo’q. U yer, bu yerda gumburlagan o’q ovozi va portlashlar eshitiladi. Muxolifat tuzgan muvaqqat boshqaruv kengashi rahbari Mustafo Abdul Jalilning aytishicha, so’nggi bir necha kun poytaxtdagi olishuvlar 400 dan ziyod odamni hayotdan olib ketgan. Qaysi tomon qancha talofat ko’rgani ma’lum emas.

Tunis bilan chegaradosh Zuara shahri ahli so’zlariga ko’ra, Qaddafiyga sodiq odamlar raketa hujumlari uyushtirmoqda. Biroq neftga boy Ras Lanuf shahri kecha qo’zg’olonchilar qo’liga o’tgan.

Isyonchilarning bosh diplomati Mahmud Jibril bugun Parijda Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi bilan uchrashib, Liviyadagi ahvol va siyosiy jarayonlar haqida gaplashmoqda.

Xalqaro hamjamiyat esa Liviya masalasida endigi qadamlar ustida o’ylanmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotida Qaddafiy ma’muriyatiga qarashli pullarni Liviya xalqiga topshirish muhokamada. Bu mablg’BMT Xavfsizlik Kengashi qarori bilan muzlatilgan edi.

Davlat departamenti matbuot kotibasi Viktoriya Nuland Qaddafiy rejimi deyarli barham topganini aytadi. “Polkovnik, xalq hurmati, xalqaro hamjamiyat hurmati, buni e’tirof etib, ochiq bayonot bilan chiqishi kerak”, - deydi u.

AQSh Kongressining ayrim a’zolari fikricha, pulni berishga shoshmaslik kerak, chunki Liviya muvaqqat rahbariyati safida jangarilar ham bo’lishi mumkin.

AQShning Marokashdagi sobiq elchisi Mark Ginzberg nazarida isyonchilar orasida diniy va g’oyaviy tafovut kuchli. “Muvaqqat rahbariyat kamida 130 kishidan, xususan, millatchilar, dunyoviy va diniy tuzum tarafdorlaridan, Qaddafiyning sobiq xodimlari va zobitlaridan iborat”, - deydi sobiq elchi. “Ba’zilar hech kimning tarafini olmay, kim yutar ekan deb chetda qarab turgan”.

“Bunaqa inqiloblarning tozasi bo’lmaydi. Liviyada o’zaro ayblovlar, hokimiyat uchun talash avj olishi mumkin. Bitta yo’lboshchi bo’lmagandan keyin, revolyutsiya lideri bo’lmaganidan keyin qiyin”, - deydi Mark Ginzberg.

Lekin Davlat departamenti matbuot kotibasi Viktoriya Nuland so’zlariga ko’ra, AQSh diplomatlari muxolifat bilan muntazam gaplashib kelmoqda va ularga nisbatan ishonch bor.

“Liviya muvaqqat boshqaruv kengashi xalqaro hamjamiyat talablariga amal qilib, oshkora, demokratik davlat barpo etish tarafdori va ektremist kuchlarga bo’ysunmoqchi emas”, - deydi rasmiy.

Britaniya ham Tripoliga yordam uzatish yo’llarini ko’rib chiqmoqda.

Nikaragua Muammar Qaddafiyga siyosiy boshpana berishga tayyor ekanini bildirgan, lekin hali bu borada iltimos tushmagan.

Xitoy esa Birlashgan Millatlar Tashkilotini Liviyada siyosiy jarayonlarga bosh bo’lishga undamoqda.

Rasmiy Pekin bu davlat bilan savdo bobida bir necha milliard dollarlik bitim tuzgan va shu paytgacha Liviyadagi mashmashaga aralashmaslikni ma’qul topgan edi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun shu hafta Afrika Ittifoqi, Yevropa Ittifoqi va Arab Ligasi bilan majlis o’tkazishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG