Liviyada muxolifat qo’liga o’tgan poytaxt Tripoli bugun yana notinch.
Shaharning bir necha yerida otishma va portlashlar quloqqa chalindi; Muammar Qaddafiyning Bob al-Aziziya qarorgohi yaqinida qattiq janglar kechgan.
Qaddafiyning o’g’li, mamlakatning bo’lg’usi rahbari deya ko’rilgan Sayf ul-Islom esa kechagi chiqishida “Liviyaga hamon otam boshliq” deya ta’kidlagan.
Isyonchilar kuni-kecha Sayf ul-Islomni ushladik, degan edi. Biroq u bugun mahalliy mehmonxonada xorijlik jurnalistlar bilan gaplashgan, so’ng tarafdorlari qurshovida va ularning qarsaklari ostida uchrashuvni tark etgan.
Oppozitsiyaning bildirishicha, Qaddafiyning yana bir o’g’li Muhammad kecha uy qamog’idan qochishga ulgurgan. Uchinchi o’g’li Saadiy hamon hibsda, Muammar Qaddafiyning esa daragi yo’q.
Muxolifat tuzgan muvaqqat boshqaruv kengashi yetakchisi Mustafo Abdul Jalil so’zlariga qaraganda, qo’lga tushsa, Qaddafiy adolat bilan sud qilinadi. Abdul Jalil hukumatga xayrixoh kuchlar hali taslim bo’lmaganini va Tripoli ustidan to’liq nazorat o’rnatish uchun vaqt kerak ekanini aytadi.
Poytaxtning 10-15 foizi hanuz hukumat qo’lida, deydi u. Qaddafiyga sodiq guruhlar Misrata, Sirta va Sabha shaharlarida ham mahkam o’rnashib olgan. NATO samolyotlari Misratani bombardimon qilgani xabar qilinmoqda, talofatlar haqida ma’lumot yo’q.
NATO rasmiylarining aytishicha, Liviyadagi harbiy missiya hali tugagani yo’q. “Tinch aholiga hujumlar bas qilinmas ekan, alyans kurashni davom ettiradi”, - deydi NATO matbuot kotibi Oana Lungesku.
Qaddafiy tuzumining muhim targ’ibot quroli sanalgan davlat televideniyesi kechadan beri efirga chiqmay qo’ygan. Binoni isyonchilar egallagani aytilmoqda.
AQSh prezidenti Barak Obama fikricha, Muammar Qaddafiy boshqaruvi nihoyasiga yetmoqda.
Amerika rahbari Afrika shimolidagi bu davlatdagi vaziyatni juda qaltis deya ta’riflab, Qaddafiyni hokimiyatdan butunlay ketishga chaqirdi. "Qirg’inni tugatib, tarafdorlarni qurolni tashlashga undang" deydi u.
Obamaning aytishicha, endilikda Liviya taqdiri xalq qo’lida va qilinadigan ishlar ko’p. Prezident Obama isyonchilarga ham murojaat qilib, zo’ravonlikni qurol qimaslikka va qasos olish uchun zulmga berilmaslikka undadi.
Siyosatchi olimlar fikricha ham Liviya taqdiri muxolifat bir yoqadan bosh chiqarib, hukumat tuza olishiga bog’liq.
Muxolifat qarorgohi Bing’ozida muvaqqat boshqaruv kengashi yetakchisi Mustafo Abdul Jalil safdoshlarini bosiqlikka va sabr-toqat bilan ish tutishga undamoqda.
“Sizga ishonamiz va suyanamiz. Yurt ahli, mulki va idoralarni mudofaa qiling”, - deydi u. Isyonchilar bu ko’rsatmani buzsa, o’zboshimchalik qilsa, Mustafo Abdul Jalil ishdan ketishga tayyor.
Vashingtondagi Yaqin Sharq masalalari bo’yicha institut xodimi, olim Deyvid Pollak muxolifat bilan ko’rishgan va ular tarqoq, deya xulosa qiladi.
“Oppozitsiya hokimiyatga kelgach, qanday siyosatni olg’a suradi, kimning yonini oladi, kimlar bilan do’st tutinadi, bularni hozir aytish mumkin emas”, - deb hisoblaydi amerikalik olim.
Lekin Deyvid Pollak nazarida bu – ekstremistlar boshqaruvni egallaydi degani emas. G’oliblarni yoqlagan G’arb davlatlari Amerika, Fransiya va Britaniya muhim sarmoyador va hamkorlar bo’lib qolishi aniq, deydi tahlilchi.