Suriyadan kelayotgan xabarlarga ko’ra, xavfsizlik kuchlari kechadan beri turli shaharlarda jami 24 namoyishchini otib o’ldirgan. Yakshanba kuni 80 fuqaro halok bo’lgan edi, deydi huquq faollari.
BMT Xavfsizlik Kengashida Suriya hukumatini qoralovchi rezolyutsiya loyihasi muhokamada. Amerika bu davlatga nisbatan yangi sanksiyalar qo’yish harakatida.
Prezident Barak Obama fikricha, Suriya rahbari Bashar al-Assad unga qarshi bosh ko’targan fuqarolarga nisbatan shafqatsizlarcha siyosat olib bormoqda.
“Tuzum qanchalik zolim ekanini ko’rib turibmiz”, - deydi u.
Amaldagi sanksiyalarga qo’shimcha holda endi Suriyaning neft va gaz sanoati nishonga olinadi. Bu davlatga eng ko’p daromad olib keladigan sohalar. Suriya iqtisodiyoti xarob bir ahvolda, lekin tabiiy boyliklardan tushayotgan mablag’ xalqqa qarshi amaliyotlarda qo’llanmoqda degan xavotir bor.
AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Mark Tonerning tushuntirishicha:
“Ramazon oyi boshlanar ekan, Suriya hukumati oz’ fuqarolarini qirishdan qaytmayapti. O’nlab odamlar o’lgan, jarohat olganlar minglab sonni tashkil etadi. Toat-ibodat qilinadigan bu muqaddas kunlarda, biz dunyo hamjamiyati bilan bir qatorda, Suriyada qoni to’kilgan begunoh insonlarning, ayniqsa, bolalarning yaqinlariga hamdardmiz”, - deydi Mark Toner.
Prezident Obama deydiki, Amerika Suriya xalqi tarafida. Vashington Bashar al-Assadga nisbatan bosimni oshirmoqda. Lekin diplomatik aloqalar hozircha joyida. Suriyaga tayinlangan yangi elchi Robert Ford ertaga Senat oldida hisobot beradi.
Vashingtonda tanilgan tahlilchi Deyvid Shenker nazarida Amerikaning Suriya bilan aloqalarini uzish payti keldi. Tamoman yuz o’girish kerak Assaddan, deydi u.
“Suriyaning beshafqat tuzumiga qonuniy hukumat sifatida qaray olmaymiz. Muxolifat tomonida ekanimizni ochiq aytib, Suriya kelajagi uchun qayg’urayotgan tomonlar bilan hamkorlikni oshirish kerak”,- deydi siyosatdon.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton BMT Xavfsizlik Kengashiga yo’llagan maktubida Suriya prezidentiga hech qanday ishonch qolmadi, uni bu xalqning rahbari deyishga til aylanmaydi, deya qayd etgan. Uning fikricha, Suriyadagi demokratik kuchlarni qo’llab-quvvatlash lozim.