Breaking News

Huquq tashkiloti: Suriyada qatliom, Arab Ligasi nega jim?


Latakiyadagi manzara
Latakiyadagi manzara

BMTning bildirishicha, Suriyaning Latakiya shahridagi qochqinlar lagerida yashayotgan falastinliklardan10 mingga yaqini g’oyib bo’lgan.

Shunisi ma’lumki, ular Suriya qurolli kuchlaridan qochgan, lekin qayoqqa - BMT buni hozircha bilmaydi.

Masala uchun mas’ul Kristofer Ganness “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Suriya hukumatini insonparvarlik tashkilotlariga bu lagerga kirishga ruxsat berishga chaqirdi.

Latakiya, O'rta Yer dengizi bo'yidagi port shahar
Latakiya, O'rta Yer dengizi bo'yidagi port shahar

Latakiyada namoyishchilarga qarshi qaqshatqich hujumlar kuzatilmoqda. Prezident Bashar al-Assad unga qarshi qo’zg’olonni kuch bilan bostirish ahdida qat’iy ekan, o’tgan uch kun ichida 35 fuqaro o’ldirilgan.

Suriyaning yon qo’shnisi Turkiya fuqarolarga qarshi harbiy operatsiyalar darhol to’xtatilishi kerak, deya bong urmoqda.

Latakiya va Hims qo’zg’olon markazi sifatida qaraladi, aynan shu shaharlarda namoyishchilar ayovsiz nishonda.

Amerika hukumati dunyo davlatlarini Suriya bilan savdo va moliyaviy aloqalarni uzishga undamoqda.

Inson huquqlari bo’yicha xalqaro tashkilotlar Arab Ligasidan chora ko’rishni talab qilib keladi.

Latakiya – O’rta Yer dengizi bo’yidagi qadim shahar. Bugun Suriya dengiz kuchlari aholini suvdan turib o’qqa tutmoqda, deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Viktoriya Nuland.

Namoyishchilar orasida 7 yoshdan 70 yoshgacha bo'lgan fuqarolarni topasiz
Namoyishchilar orasida 7 yoshdan 70 yoshgacha bo'lgan fuqarolarni topasiz

“Bashar al-Assad hech kimning gapini, xalqaro hamjamiyatdan kelayotgan biror chaqiriq yoki talabni eshitmayapti yoki o’zini eshitmaganga olmoqda. Biz bosimni oshirayapmiz. Suriyaga mahsulot, ayniqsa, qurol-yarog’ sotadigan davlatni bu kabi hamkorlikni butunlay to’xtatishga undayapmiz. Suriya rahbari begunoh insonlarni qirib tashlashga qodir ekanini qayta-qayta isbotlab turibdi”, - deydi AQSh rasmiysi.

Gap shundaki, ko’plab mamlakatlar Suriyadan neft va tabiiy gaz oladi. Arab davlatlari fuqarolar qoni to’kilayotganiga ko’z yumib kelmoqda. Bashar al-Assadni ochiqchasiga tanqid qilishayotgani yo’q. Iordaniya nihoyat kecha, Amerika bosimi ostida, Suriya hukumatini namoyishchilarga qarshi harbiy chora ko’rmaslikka chaqirdi.

Nyu-Yorkda asoslangan huquq tashkiloti, Human Rights Watch, nazarida Arab Ligasi azaldan avtokrat rahbarlarni himoya qilib, ularning jinoyatlarini yopishga o’rgangan.

Tashkilot bosh mutaxassislaridan biri Peggi Xiks deydiki, Arab Ligasi bu hukumatlarni emas, xalqlar manfaatini ko’zlovchi organ ekanini isbotlamoqchi bo’lsa, Bashar al-Assadni to’xtatishi kerak. Aks holda, deydi u, Arab Ligasi haqiqatan ham ko’zbo’yamachi tashkilot.

Arab Ligasiga 21 davlat a'zo
Arab Ligasiga 21 davlat a'zo

“Suriyaga mustaqil tekshiruvchilar kirib, vaziyat bilan xolisona tanishishi kerak. Nima bo’layotganini aniqlashi lozim”,- deydi Peggi Xiks.

Arab Ligasi xartiyasiga ko’ra, tashkilot inson huquqlari, jumladan, so’z erkinligi, uyushish erkinligi, hukumatdan arz qilish erkinligini himoya qilishi kerak, shuningdek fuqarolarning qiynoqqa solinmasligi uchun chora ko’rishi lozim.

Amalda esa, deya bildirmoqda Human Rights Watch huquq tashkiloti, Arab Ligasi Suriyadagi xunrezlikka ko’z yummoqda. Besh oydan beri davom etayotgan zo’ravonliklarda qariyb 2000 kishining yostig’i quridi. Ro’za oyi boshlanganidan buyon esa 125 dan ortiq fuqaro o’ldirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG