Breaking News

Yaqin Sharqda nima gap? Misr, Bahrayn, Liviya va Suriya...


Bahrayn parlamenti
Bahrayn parlamenti

BAHRAYN

Bahrayn parlamenti mamlakatda hukumatga qarshi namoyishlarning bostirilganiga norozilik tariqasida deputatlik mandatini topshirgan yetti nafar shia qonunchisi iste'fosini qabul qilgan.

Bungacha 11 shia deputat shu sabab parlamentdan chiqqan edi. Hozir 40 a'zolik qonunchilik organida 22 deputat qolgan xolos. Sentabr oyida bo'sh qolgan o'rinlar uchun saylovlar o'tkaziladi.

Bahrayn monarxiya bo'lib, uni sunniy sulola boshqaradi. Ammo shialar mamlakatda ko'pchilikni tashkil etadi. Namoyishlarda asosan shialar ishtirok etgan. Yuzlab faol hibsga olingan, 24 kishi o'lgan. 1-iyungacha favqulodda holat e'lon qilingan.

MISR

Misrda sobiq prezident Husni Muborakning qamoqdagi rafiqasi tovon puli evaziga ozod etilgan. 70 yoshli Syuzan Muborak korrupsiyada ayblanib, o'tgan hafta hibsga olingan edi. So'ng uch million dollardan ziyod qiymatga teng mulkini davlatga topshirgach, prokuror uni vaqtincha, tibbiy muolaja uchun ozod etgan.

Syuzan Muborak, Misr sobiq prezidenti Husni Muborakning rafiqasi
Syuzan Muborak, Misr sobiq prezidenti Husni Muborakning rafiqasi

Syuzan Muborak unga qo'yilgan ayblovlarni inkor etmoqda. Tergovchilar nazarida u turmush o'rtog'ining prezidentligi davrida uning siyosiy qudratidan shaxsiy manfaatida foydalangan.

Mamlakatni 30 yildan ortiq boshqargan Husni Muborak xalq namoyishlari natijasida fevral oyida hokimiyatdan ketgan edi. Uning ishi ham hozir tergov ostida.

LIVIYA

Rossiya hukumati Liviyani Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga amal qilgan holda qurolli kuchlarini tinch aholi yashaydigan hududlardan chiqarishga chaqirmoqda.

Bugun Moskvada Muammar Qaddafiyning vakillari Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashgan.

Vazirning aytishicha, agar NATO havo hujumlarini bas qilsa, Qaddafiy hukumati Afrika Ittifoqi tashkiloti taklif etgan tinchlik rejasiga amal qilishi mumkin.

Bugun NATO samolyotlari Liviya xavfsizlik hizmati binosi va korrupsiyaga qarshi kurash idorasi qarorgohlarini havodan turib urgan. Qurbonlar haqida xabar yo'q.

Italiya Tashqi ishlar vaziri Franko Frattinining aytishicha, BMT va Liviya rasmiylari Muammar Qaddafiyni mamlakatdan ketishiga imkon izlamoqda.

Bu orada Liviya Neft sanoati vaziri ishdan bo'shab, Tunisga qochib o'tgan. Liviya hukumati buni tasdiqlagani yo'q.

Vazir Shukri G'anim Liviya Milliy neft korporatsiyasi rahbari va Qaddafiy ma'muriyatida ko'p yil xizmat qilgan.

SURIYA

Suriya Ichki ishlar vazirligi janubdagi Daraa shahrida ommaviy qabr borligini inkor etmoqda. O'tgan oy qurolli kuchlar shaharda hukumatga qarshi namoyishchilarni o'qqa tutgan edi.

Ommaviy qabr haqidagi mish-mishlar asossiz, Suriyiaga qarshi qaratilgan provokatsiya, deydi vazirlik rasmiylaridan biri.

Daraa aholisi shahar chetida ommaviy qabr topilganini, ammo rasmiylar hududni to'sib qo'yganini aytgan. Faollar nazarida namoyishlar mart o'rtalarida boshlanganidan beri Suriyada 850 dan ziyod odam o'lgan, 7000 ga yaqini hibsga olingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG