Breaking News

Yaqin Sharq bir kun ichida. 2-iyun, 2011-yil


Yamanda zo'ravonliklar, 1-iyun, 2011-yil
Yamanda zo'ravonliklar, 1-iyun, 2011-yil

FALASTIN-ISROIL

Fransiya Isroil-Falastin tinchlik muzokaralarini jonlantirishga urinmoqda. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Alan Juppening aytishicha, muloqot iyul oxiriga Parijda rejalangan. Juppe bugun Ramallohda Falastin Bosh vaziri Salom Fayyod bilan uchrashgan.

Falastin rahbariyatining aytishicha, sentabr oyigacha tinchlik jarayoniga oydinlik kiritilmasa, muxtoriyat BMT Bosh Assambleyasiga murojaat qilib, uning mustaqilligini tan olish masalasini olg'a suradi. Fransiya ungacha muloqotni jonlantirishni maqsad qilgan. Kecha Alan Juppe Rimda Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan gaplashgan. Bugun Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan ham uchrashishi kutilmoqda.

SURIYA

Suriyada xavfsizlik kuchlari g'arbdagi Rastan shahrida namoyishchilarni o'qqa tutib, 41 odamni o'ldirgan. Guvohlarning aytishicha, shaharda bir necha imorat vayron bo'lgan.

Inson huquqlari tashkilotlarining aytishicha, mamlakatda g'alayonlar boshlanganidan beri 1000 dan ziyod odam o'lgan, 25 nafari bolalar. Namoyishlar prezident Bashar al-Assadga qarshi qaratilgan bo'lib, 10 mingga yaqin odam hibsga olingan.

YAMAN

Yaman xavfsizlik kuchlari va muxolifatdagi qabilaviy guruh tarafdorlari poytaxt Sano tevaragida bugun o'q almashgan. 10 dan ziyod odam o'lgan. Mamlakatda prezident Ali Abdulla Solihga qarshi namoyishlar boshlanganidan so'ng isyonchilar tomoniga o'tgan shayx Sodiq al-Axmarning yuzlab tarafdorlari olishuvda ishtirok etgan. Natijada Sano aeroportida reyslar bekor qilingan.

Janubdagi Taiz shahrida qo'shinlar namoyishchilarni o'qqa tutgan. So'nggi bir necha kunda bu yerda kamida 25 kishi nobud bo'lgan.

Yamandagi zo'ravonliklar oqibatida unga qo'shni bir necha mamlakat diplomatik vakolatxonalarini qisqartirgan yoki umuman yopgan.

LIVIYA

NATO jangovar samolyotlari bugun poytaxt Tripolidagi harbiy inshootlarni o'qqa tutgan. Xususan, harbiy transport saqlanadigan joy va raketa uchiruvchi moslama nishonga olingan.

Liviya Neft sanoati vaziri Shukri G'anim esa mamlakatni tark etib, bugun Rimda ortiq zo'ravonliklarga chidab tura olmasligini bildirgan. G'anim rejimga qarshi kurashayotgan yosh liviyaliklar safiga qo'shilishini aytgan.

Ikki kun avval esa Liviya armiyasining sakkiz yuqori lavozimli ofitseri qurolli kuchlar safidan chiqqanini ma'lum qilib, safdoshlarini ham shunga da'vat etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG